21-fevral kuni Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun 5 ta moddadan iborat bo‘lib, jami 2 ta qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonundagi “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga egaligi qayd etilmoqda.
“Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonunda esa mahalliy davlat hokimiyati organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi vakolatlari qatoriga aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish qo‘shilmoqda.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 15 baravarigacha oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan donorlarga o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish, shahar yo‘lovchilar transportidan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish bilan birga, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi berilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.