Yevropa AQSh yordamisiz o‘zini himoya qilishi uchun mudofaa investitsiyalariga har yili 250 milliard yevro (261,6 milliard dollar) atrofida mablag‘ sarflashi kerak, bu blokning iqtisodiy qudratini hisobga olgan holda ko‘tara oladigan mablag‘dir. Bu haqda Reuters “Bryugel” tadqiqot instituti va Kil jahon iqtisodiyoti institutiga tayanib xabar berdi.
Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotining 1,5 foiziga teng bo‘lgan bu xarajat Yevropaga o‘zini Rossiyadan himoya qilish uchun 300 mingga yaqin askarni safarbar qilish imkonini beradi.
Tadqiqotda, shuningdek, Yevropaning moliyaviy imkoniyatlariga qaramay, qit’ada mudofaani muvofiqlashtirish milliy qurolli kuchlar uchun asosiy muammo bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi, yaqinroq muvofiqlashtirish va qo‘shma xaridlarni amalga oshirishga chaqirildi.
Yevropaning aksariyat davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning bosimi ostida qolmoqda, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset o‘tgan hafta Yevropani Amerikaga “so‘ruvchi” sifatida munosabatda bo‘lishdan ogohlantirib, uning o‘z mudofaasi uchun mas’ul ekani haqida gapirgandi.
Germaniyaning bo‘lajak kansleri sifatida ko‘rilayotgan Fridrix Mers payshanba kuni Vashingtonning NATOdagi kelajakdagi ishtirokiga shubha bildirdi, AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Vals esa NATOning barcha a’zolari mudofaa xarajatlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 2 foizi miqdoridagi maqsadli ko‘rsatkichni to‘liq bajarishi kerakligini bildirdi.
“Bryugel” va Kil tadqiqoti Yevropa mudofaa xarajatlarini hozirgi 2 foizdan yiliga yalpi ichki mahsulotning 4 foizigacha oshirishni taklif qiladi. Uning yarmi umumiy Yevropa qarzi hisobidan moliyalashtirilishi va qo‘shma xaridlar uchun ishlatilishi, qolgan qismi esa milliy darajada qoplanishi mumkin, deydi mualliflar.
Tadqiqotda qayd etilishicha, Moskva Ukrainadagi urushdan keyin harbiy salohiyatini sezilarli darajada oshirgan, bunga Ukrainada 700 mingga yaqin askar safarbar etilgani, shuningdek, tanklar va zirhli texnikalar ishlab chiqarish keskin oshgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Bu 50 ta qo‘shimcha brigada uchun Yevropaga 1400 ta yangi jangovar tank va 2000 ta piyoda jangovar mashina kerak bo‘lishini ko‘rsatdi, bu miqdor butun Germaniya, Fransiya, Italiya va Britaniya quruqlik kuchlarining hozirgi zaxiralaridan oshib ketadi.
“Iqtisodiy jihatdan buni uddalash mumkin… Bu, masalan, kovid pandemiyasi davrida inqirozni yengish uchun safarbar qilinishi kerak bo‘lgan miqdordan ancha kam”, — deyiladi tadqiqotda.