Qirg‘iziston va Tojikiston umumiy chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi, deb xabar bermoqda AKIpress. U yerda mahalliy aholi va chegarachilar o‘rtasida bir necha bor mojarolar kelib chiqqan.

Delimitatsiya — davlatlar, hududlar yoki boshqaruv birlashmalari o‘rtasida chegaralarni aniqlash va tasdiqlash jarayoni.

“Bugun — Qirg‘iziston va Tojikiston xalqlari uchun alohida tarixiy kun. Biz qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha yakuniy protokolni imzoladik”, — dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev 21-fevral kuni Bishkekda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir qator hujjatlar tayyorlangan:

  • Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma;
  • Hukumatlar o‘rtasida energetika obyektlari va suv resurslari bo‘yicha kelishuvlar;
  • Tutashgan avtomobil yo‘llaridan foydalanish va yangi yo‘llar qurish to‘g‘risida bitim.

Hujjatlarni endi ikki mamlakat rahbarlari imzolashi kerak. “Biz chegaraning butun cho‘ziqligi bo‘yicha kelishuvni uzil-kesil yakunladik”, — dedi Tashiyev.


“Ala-Archa” davlat qarorgohida o‘tgan muzokaralarda Tojikiston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov boshchilik qildi.

“Bugun ratifikatsiya qilingan delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma muhim tarixiy hujjatdir. Juda murakkab ish mantiqiy yakuniga yetkazildi. Kelishuv amalga oshsa, ikki qardosh respublika o‘rtasidagi chegara muammosi bo‘yicha yuz yillik bahsga nuqta qo‘yiladi. Bu tarixiy hujjatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi”, — dedi u.

2024-yil dekabr oyida Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari umumiy davlat chegarasini to‘liq tavsiflashni yakunlagandi. Qirg‘iziston MXDQ raisi bir necha oydan so‘ng masala “butunlay hal bo‘lishini” ta’kidlagan o‘shanda.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining umumiy uzunligi 972 kilometrni tashkil etadi. O‘nlab bahsli hududlar tufayli u yerda vaqti-vaqti bilan qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib turardi. Oxirgi yirik mojaro 2022-yil sentabr oyida sodir bo‘lgan. O‘shanda ikkala tomondan ham o‘nlab odamlar jarohat olgan va halok bo‘lgan.