Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi davlat chegarasi (jumladan, O‘zbekiston bilan)dagi bir nechta nazorat-o‘tkazish punktlari (NO‘P)da transport nazoratini joriy etishni taklif qilmoqda. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, deb xabar berdi 24.kg.
Hozirda transport nazorati “Torugart-avtoyo‘l”, “Irkeshtam-avtoyo‘l” (Xitoy), “Karamik-avtoyo‘l”, “Qizil-Bel-avtoyo‘l”, “Kulundu-avtoyo‘l” (Tojikiston), “Dostuk-avtoyo‘l” (O‘zbekiston) o‘tkazish punktlarida amalga oshirilmoqda.
Transport nazorati amalga oshirilmaydigan nazorat-o‘tkazish punktlarida yuk mashinalari xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi davlatlararo bitimlar normalarini buzmoqda, deya ta’kidladi Transport vazirligi.
Qirg‘iziston bojxona va transport nazorati amalga oshiriladigan nazorat-o‘tkazish punktlari ro‘yxatiga quyidagi o‘tkazish punktlarini kiritishi mumkin:
- Tojikiston bilan chegarada — “Qayrag‘och-avtoyo‘l” va “Bor-Dobo-avtoyo‘l” nazorat-o‘tkazish punktlari;
- O‘zbekiston bilan chegarada — “Qizil-Qiya — avtoyo‘l”, “Qara-Bag‘ish — avtoyo‘l”, “Ken-Say — avtoyo‘l”;
- ichki avtomobil yo‘llarida esa “Sari Chat”.