Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger Alisher Tursunovga nisbatan qidiruv e’lon qilingani xaqidagi axborotni IIV ba’zasiga kiritish jarayonida texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan va bu hozir to‘g‘irlangan. Aslida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.
Verum law firm advokatlik firmasiga ko‘ra, Alisher Tursunov talabi bilan ijtimoiy tarmoqlarda u haqda tarqalayotgan axborotlarning qonuniy asosliligi borasida advokatlik firmasi tomonidan advokatlik surishtiruvi o‘tkazilgan.
Advokatlik so‘rovnomalari asosida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, Alisher Tursunov 2023-yil 24-avgustda Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatini sodir etganlikda sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda esa go‘yoki A.Tursunov Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi bilan ayblanib, qidiruvga berilgani haqidagi noto‘g‘ri va biror asosga ega bo‘lmagan xabarlar tarqatilmoqda. Ma’lum qilamizki, Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi hamda 244−3-moddasi bir-biridan mohiyatan, o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra farq qiladi. Bu moddalarning obyekti boshqa-boshqa, ya’ni 244−3-moddasida nazarda tutilgan jinoyat (JKning 15-moddasiga ko‘ra) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat hisoblansa, 244−2-moddasi esa o‘ta og‘ir jinoyat sifatida baholanadi va aynan shu holat ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning haqli savollarini keltirib chiqarmoqda”, — deyiladi advokatlik firmasi axborotida.
Qayd etilishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Natijada Alisher Tursunov 2022-yil 2-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184−2-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
“E’tiborli jihati shundaki, A.Tursunovni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun u tomonidan tarqatilgan materiallarning mohiyatan qonunga xilofligi emas, balki diniy materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish tartibiga rioya qilinmaganligi asos bo‘lgan. Shundan so‘ng aynan shu materiallar Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi „Mubashir Ahmad“ nomli kanalida mavjudligi asos sifatida talqin qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, — deyiladi axborotda.
Ta’kidlanishicha, Alisher Tursunov o‘sha vaqtda O‘zbekiston hududida bo‘lmagani uchun unga nisbatan 2023-yil 24-avgust kuni Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi bilan sirtdan ayb e’lon qilinib, qidiruvga berilgan va ushlangan taqdirda (qayerda ushlanishidan qat’iy nazar) “munosib hulq atvorda bo‘lish xaqidagi tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra A.Tursunovga nisbatan sirtdan Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi bilan ayb e’lon qilingan bo‘lsada, my.gov.uz portalida A.Tursunovning Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi bilan ayblangani va qidiruv e’lon qilingani haqida noto‘g‘ri ma’lumot joylashtirilgan. Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida yuborilgan advokatlik so‘roviga Toshkent shahar IIBB Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan 2024-yilning 4-iyun kuni yozma javob berilgan. Unda Alisher Tursunov aslida 244−3-modda bilan ayblanayotgani, mazkur jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 364-moddasi 1-qismi 2-bandi (ayblanuvchining qayerda ekani noma’lum bo‘lgan)ga asosan harakatdan to‘xtatilgani ma’lum qilingan”, — deyiladi axborotda.
“Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, fuqaro Alisher Tursunovga nisbatan aslida ijtimoiy havfi katta bo‘lmagan jinoyatni sodir etganlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlarning axborot kanallarida uning o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgani haqida haqiqatga zid bo‘lgan ma’lumotlar tarqatilib, “informatsion spekulyatsiya”ga sharoit yaratilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda “Mubashshir Ahmad” nomi ostidagi video va boshqa kontentlardagi axborotlar bilan tanishish jinoyat ekanligi haqidagi chaqiriqlar qonuniy asoslarga tayanilmagan. Ochiq manbaalarda mavjud bo‘lgan axborotlar, o‘sha axborotlarni olish, saqlash va tarqatish qonunda belgilangan tartibda sud tomonidan cheklanmaguniga qadar noqonuniy deb topilmaydi”, — deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, fuqaro Alisher Tursunovning aynan bir xatti-harakatlari uchun ikki marta (ham ma’muriy, ham jinoiy) javobgarlikka tortilishi asossiz hisoblanib, bu haqida vakolatli organlarga shikoyat arizalari kiritilgan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Alisher Tursunovga qidiruv e’lon qilingani xaqidagi axborot IIV ba’zasiga kiritish jarayonida texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan.
“Shayxontohur tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan 2023-yil 11-avgustda fuqaro Tursunov Alisher Axmatovichga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2023-yil 29-avgustda unga nisbatan „munosib xulq atvorda bo‘lish xaqidagi tilxat“ ehtiyot chorasi qo‘llanishi sharti bilan qidiruv e’lon qilingan. Shaxsga qidiruv e’lon qilinganligi xaqidagi axborot Ichki ishlar vazirligi Huquqiy statistika va tezkor-hisob ma’lumotlar bosh markaziga kiritish jarayonda Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi sifatida yozilgan bo‘lib, texnik xatoga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Xozirda axborot to‘g‘irlangan”, — deydi Shohrux G‘iyosov.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgust oyida Mubashshir Ahmad 2017-yilda tashkil etgan Azon New Media guruhi (Azon.uz sayti, Azon FM onlayn radiosi, Azon TV onlayn televideniyesi) barcha loyihalarini to‘xtatgandi. Shundan so‘ng 2023-yil noyabrida to‘rt tilda (o‘zbek, rus, ingliz va turk) faoliyat yurituvchi Azon Global portali test rejimida ishga tushirilgan.
Mubashshir Ahmadning o‘zi o‘sha yilning 28-dekabr kuni Turkiya ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan edi. Politsiya uni Istanbul viloyati Chatalja tumanida joylashgan Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirgan.
O‘shanda Istanbuldagi bosh konsulxona Mubashshir Ahmadga nisbatan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgandi. 2024-yil 21-fevral kuni esa u deportatsiya markazidan chiqarilgan.