Dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida juda iliq ob-havo saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Juma kuni respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.

Shanba va yakshanba kunlari aksariyat hududlarda harorat kechalari +3…+8 daraja, kunduz kunlari +15…+20 daraja, ba’zi joylarda +22 darajagacha bo‘ladi.

Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida harorat pasaya boshlaydi. Xususan, yakshanba kuniga kelib kechasi −1…−6 darajagacha, kunduzi −3…+2 darajagacha pasayadi.

22-fevralda janubiy hududlarda va cho‘l zonasida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, 23-fevralda respublikaning ko‘pchilik hududlarida (Farg‘ona vodiysidan tashqari) ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi.

Toshkent shahrida 21−23-fevral kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari +5…+8 daraja, kunduz kunlari +17…+20 daraja bo‘ladi.