Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda haydovchilar 6 oydan kam bo‘lmagan muddatda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilishi belgilandi.
“Huquqiy axborot”ning xabar berishicha, 20-fevral kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan.
Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, bir qancha holatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Jumladan, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanadi.
Belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur huquqbuzarliklarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.
Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil o‘tgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.
Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Shuningdek, quyidagi holatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi:
- Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun;
- Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun;
- Transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun;
- Yo‘l bezoriligi uchun;
- Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:
- Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, o‘tkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun;
- Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
- Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
- Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
- Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.
Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari belgilangan?
Qonunga ko‘ra (Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan), quyidagi huquqbuzarliklar uchun MJTKning yangi 34−1-moddasi bo‘yicha jarima ballari hisoblanadi:
- 125-moddaning 3-qismi (Haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi);
- 125-moddaning 5-qismi (Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish);
- 126-modda (Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish);
- 127-moddaning 1-qismi (Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish);
- 128-modda (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi);
- 128−3-modda (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi);
- 128−4-moddaning 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi va o‘tishi);
- 128−5-modda (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi);
- 128−6-modda (Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi);
- yangi 128−7-modda (Transport vositasida odam tashish tartibini buzish);
- yangi 128−8-modda (Transport vositalarini quvib o‘tish tartibini buzish);
- 129-modda (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi);
- 130-modda (Transport vositalari haydovchilarining temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzishi);
- 135-moddaning 1-qismi (Transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi, yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati (transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgan guvohnoma o‘rniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda, guvohnoma olingan paytdan e’tiboran ikki yillik davr bundan mustasno) yonida bo‘lmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi, xuddi shuningdek ishonchnomalarni, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) transport vositalarini boshqarish);
- 137-moddaning 1-qismi (Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish).
Ballarni qo‘llash tartibi hukumat tomonidan tasdiqlanadi
Ballar miqdori va ularni qo‘llash tartibi Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bilan belgilanadi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinayotganda (2023-yil noyabr oyida) hisoblangan ballarni E-jarimaball tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish taklif qilingani haqida xabar berilgandi. Haydovchi 8 ball to‘plaganida SMS orqali ogohlantiriladi, jarima ballari soni 12 balldan oshganda esa yana ogohlantiriladi.
Masalan, svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish (MJTKning 128−4-moddasi) uchun 2 jarima balli, quvib o‘tish (128−8) uchun 1,5 ball, tezlikni oshirish (MJTKning 128−3-moddasi) uchun 0,5 dan 2 ballgacha, ruxsatsiz qoraytirish uchun 1−2 ball va hokazo.
Bundan tashqari, haydovchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo muddati tugagandan so‘ng imtihon topshirishi rejalashtirilgan edi. Hozircha bu qonunga kirdimi yoki hukumat qarorida yoziladimi, aniq emas.
Jarima ballarigacha bo‘lgan uzoq yo‘l
Ma’lumot uchun, 2018-yilning may oyida qabul qilingan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiyada haydovchilar uchun 12 ballik tizimni joriy etish, bir yil davomida jarimalari bilan 12 ball yig‘gan shaxsni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilishi aytilgan edi. Hujjat loyihasini esa 2019-yil boshida ishlab chiqish rejalashtirilgandi.
2022-yilning fevralining birinchi haftasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Yo‘l harakati qoidalari yangidan ishlab chiqilishi va haydovchilar baholanishi haqida gapirgandi. 2022-yil fevral o‘rtalarida esa IIV rahbari o‘rinbosari qoidabuzar haydovchilarga ball berish tizimi nega 3 yil ilgari joriy qilinmaganiga izoh bergandi. “U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir. Mana endi buni yaqin kunlarda joriy qilamiz, bu o‘zini samarasini beradi”, — degandi Bekmurod Abdullayev.
Tizim 2022-yil 1-dekabrda ishga tushishi kerak edi. Biroq tizim ishga tushishi kechikdi. 2022-yil dekabrda YHXX boshlig‘i Olim Saidov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda qoida buzgan haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimi qonunchilik masalasi ekanini aytgandi. Shundan so‘ng bu sanadan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash test rejimida ishga tushirilishi ma’lum qilingan. Test rejimi vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha ballar hisobga olinmasligi belgilangan.
2023-yil 23-noyabrda Qonunchilik palatasi deputatlari qoidabuzar haydovchilarga jarima ballarini yozish tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini qabul qildi. Senat esa 2025-yilga kelib qonunni ma’qullagan. Hujjat Senatda birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqilgan. O‘sha majlisda Senat qonunni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytargandi.
Muhokama qilingan qonun bilan jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda. Shunday bo‘lsada qonundagi ayrim normalar bugungi kundagi mavjud real voqelik hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmagani qayd etilgandi.
Qonunning dastlabki variantida jarima ballari uchun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosining minimal muddatlari (eng pastki chegarasi) belgilanmagani, bu esa sud amaliyotini turlicha shakllanishiga zamin yaratishi, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda bunday huquqdan mahrum qilish muddati 15 kundan kam bo‘lmasligi kerak deb belgilangani, biroq yil davomida kamida 12 ta jiddiy qoidabuzarlik qilgan haydovchiga o‘n besh kun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini berilishi qonundan ko‘zlangan maqsadga erishishga to‘sqinlik qilishi mumkinligi aytilgandi.
Shu bois 55-yalpi majlisda senatorlar tomonidan qonunni qayta ishlash va ushbu masala bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish va maromiga yetkazish uchun Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Komissiya tomonidan senatorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan qismlarga o‘zgartirish kiritilgan.