Toshkent viloyati Ohangaron tumanida ko‘p miqdordagi tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalangan issiqxona faoliyati fosh etildi, deb xabar bermoqda “Hududgazta’minot” matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, “A. I. B.” fermer xo‘jaligiga qarashli issiqxona bir martalik tamg‘a o‘rnatilgan zulfin va elektron gaz hisoblash uskunasini olib tashlab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi va 2 milliard 955 million so‘mlik zarar aniqlandi.
Boshqa holatda Qibray tumanida fuqaro N. D. issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagichdan oldin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, tabiiy boylikni talon-toroj qilgan va 49 million 673 ming so‘mlik zarar yetkazgan.
Holatlar bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.