Rossiya va AQSh vakillari so‘nggi oylarda Shveysariyada Rossiya-Ukraina urushini norasmiy muhokama qilish uchun yashirincha uchrashib turibdi, deb xabar berdi Reuters agentligi vaziyatdan boxabar 3 ta manbaga tayanib.
Uchrashuvlar ishtirokchilari diplomatik va xavfsizlik sohasida tajribaga ega, biroq ular davlat xizmatchilari emas hamda ularni Rossiya va AQSh hukumatlari yuborgani noma’lum, deb ta’kidlaydi Reuters. Ishtirokchilarning ismlari oshkor etilmagan. Manbalardan birining ta’kidlashicha, Shveysariyadagi uchrashuvlar haqida Trampning kam sonli maslahatchilari xabardor.
Ko‘plab tafsilotlar, jumladan, uchrashuvlarda aynan nimalar muhokama qilingani, ularda ukrainaliklar bor-yo‘qligi va muzokaralar qachon boshlangani noma’lum.
Qayd etilishicha, ba’zi uchrashuvlar AQShdagi siyosiy o‘tish davrida bo‘lib o‘tgan, ya’ni saylovlarda Tramp g‘alaba qozonganidan lavozimga kirishguncha bo‘lgan paytda. So‘nggi uchrashuvlardan biri Jenevada 14−16-fevral kunlari Germaniyada bo‘lib o‘tgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tdi, deb yozadi agentlik.
Agentlik suhbatdoshlari Shveysariyadagi uchrashuvlarni muzokaralarning qo‘shimcha kanali sifatida ta’riflamoqda. Manbalardan biri buni “ikkinchi trek” bo‘yicha muzokaralar deb atadi. Boshqa biri manbaga ko‘ra, ikkinchi trek bo‘yicha muzokaralar dolzarb bo‘lmay qolgan bo‘lishi mumkin, chunki so‘nggi haftalarda AQSh va Rossiya rasmiylari rasmiy aloqalar o‘rnatgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va AQSh 18-fevral kuni Ar-Riyodda muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda, xususan, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov hamda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ishtirok etdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar Moskva va Vashington munosabatlari, Vladimir Putin va Donald Tramp uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, Rossiya-Ukraina urushini hal qilish masalalarini muhokama qildi.