O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda TIV rahbari 21-fevral kuni o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.
“AQSh davlat kotibi Marko Rubio janoblari bilan birgalikda telefon orqali samimiy va samarali suhbat qurdik. Ikki va ko‘p tomonlama aloqalarning muhim mavzularini muhokama qildik”, — deb yozdi Saidov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ular O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va AQSh Davlat departamenti ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni “barcha sohalarda istisnosiz” kengaytirishda yaqin hamkorlikni davom ettirishiga kelishib olgan.
“Ishbilarmon doiralar o‘rtasida mustahkam ko‘priklar barpo etish, har ikki yo‘nalishda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, Markaziy Osiyo va undan tashqarida farovon taraqqiyotni ta’minlash kun tartibimizning asosiy qismidan o‘rin oldi”, — dedi TIV rahbari.