Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonga mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha onlayn xizmatni ishga tushiradi. Bu haqda qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
20-fevral kuni tadbirkor Oybek Shayxov Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda navbatlar yuzaga kelgani haqida post qoldirdi.
“Hozirda bu jarayon majburiy bo‘lib, ikki bosqichda amalga oshiriladi (bojxona + UzIMEI), lekin ro‘yxatdan o‘tish uchun bojxona hududida atigi bitta xodim ishlayapti. Ikkinchi xodim ham borga o‘xshadi, lekin u yordam berishga “huquqi yo‘q”dek, chunki u “boshqa ish” — daftarga yozish bilan band. Biz — yo‘lovchilar va poytaxt mehmonlari bir soatdan buyon navbatda turibmiz. Reys 4:30 da kelgan, hozir esa 6:26. “Yangi O‘zbekistonda” eski muammolar qolib ketgan. Agar rahbariyat bunga e’tibor qaratmasa, u shundayligicha qolib ketadi. Qanchadan-qancha odamning mehnati ketgan ish shunday bo‘lib tursa, uyat”, — deb yozgan u.
Mazkur masala bo‘yicha qo‘mitaning Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish hamda Axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmalari, “Toshkent-Aero” kompaniyasi mutasaddilari vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rgangan. Jarayonga Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish respublika markazi (tizim operatori) vakillari ham jalb etilgan.
Avvalroq xabar berilganidek, O‘zbekistonga yangi mobil qurilma olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish majburiy bo‘ladi, aks holda qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda boj to‘lashga to‘g‘ri keladi. Agar bazada ma’lumot bo‘lmasa, u holda telefon bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida boj to‘lash kerak.
Ushbu deklaratsiya mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda asos hisoblanadi. Talab 2024-yil boshida joriy qilingan. Bojxona organlari va UzIMEI oktabr oyida tizimlarni integratsiyalashni yakunlagan.
Husan Tangriyev yo‘lovchilar mobil qurilmalarni bevosita aeroportning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazishlari majburiy emasligini eslatib o‘tdi. Aeroportning o‘zida ro‘yxatga olish havo yo‘llari orqali harakatlanayotganlarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Qurilmalar olib kelinganda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida yo‘lovchilar ularni O‘zbekistonga kirib kelganlaridan so‘ng 30 kun, chet elliklar esa 60 kun davomida o‘zlariga qulay fursatda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin, deya ta’kidladi u.
Qo‘mita matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan:
- navbatlarning oldini olish maqsadida xodimlar va operatorlar soni oshirilgan;
- qo‘mita ma’lumotlar bazasi va UzIMEI tizimi integratsiyasida yanada tezlashuvga erishilgan.
Kelgusida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun mobil ilovalar ishlab chiqish ustida ham ishlar boshlab yuborilgan, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, yaqin kunlarda deklaratsiyani onlayn to‘ldirish test rejimida ishga tushiriladi, xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallariga deklaratsiyani onlayn to‘ldirishga mo‘ljallangan infokiosklar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.