Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 17-fevral kuni piyoda yuk mashinasi urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, dushanba kuni soat 23:00 da tuman IIOga Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududidan o‘tgan A-373 Guliston-Bo‘ka-Ohangaron avtomobil yo‘lining 53-kilometrida murda yotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida murdaning shaxsiga aniqlik kiritilib, u avtomobil urib ketishi oqibatida halok bo‘lgani aniqlangan.

Voqea to‘g‘risida xabar kelib tushgan paytdan voqea joyidan qochib ketgan haydovchini ushlash yuzasidan tezkor tadbirlar boshlandi. Toshkent viloyati YHXB xodimlari hodisa sodir bo‘lgan kunning ertasiga gumondor va unga tegishli mashina topildi.

Bunda maxsus avtomatlashtirilgan foto-video qayd etish moslamalariga muhrlangan tasvirlar tahlil qilinib, jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxs Sirdaryo viloyatida aniqlangan.

“Qorong‘u yo‘lda ketayotgandim. O‘ng tomondagi yo‘lakda harakatlanganimda chiziqdan qariyb yarim metr uzoqlikda bir kishi yerga o‘tirib olganini ko‘rdim. Juda yaqin kelganimda rulni darhol chapga burib o‘tib ketdim. Men urib yubormadim deb o‘ylagandim. Hozir ham o‘sha voqeani eslasam, ko‘zimdan yosh chiqib ketyapti”, — deydi haydovchi.

Ayni vaqtda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 117 (Xavf ostida qoldirish) va 266-moddalari (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondor esa ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.