Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qonunga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Hujjat 21-fevraldan kuchga kirdi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) uchinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.
Xususan, transport vositasi haydovchisi tomonidan ichki ishlar organi xodimi yoki xodimlarining transport vositasini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz ketma-ket bir necha marta bajarmaslik transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum qilish bilan birga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (11,25 million so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Takroran mast holda yoki haydovchilik huquqidan mahrum qilingandan keyin transport vositasini boshqarish jinoiy javobgarlikka tortiladi
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksi 261−1-modda (Transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish) bilan to‘ldirilmoqda. Jinoyat tarkibi quyidagicha:
“Haydovchilarning transport vositalarini mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarishi, shunday qilmish yoxud mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagani uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa”.
Natijada ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum kilish bilan jazolanadi.
Ilgari transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs tomonidan transport vositasini boshqarganlik uchun faqat BHMning 10 baravari (3,75 million so‘m) miqdorida jarima belgilangandi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksi 261−2-modda (Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarishi) bilan to‘ldirilmoqda. Agar bu qilmish xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, u BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (18,75 million so‘mdan 37,5 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
MJtKning 131-moddasi 3-qismi (Alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish) 140-moddasiga (Mastlik holatidagi shaxsning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘yish yoki boshqarishni unga topshirish) o‘tkazilmoqda.
Avval bu tartib 2 yildan 3 yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan birga BHMning 25 baravari miqdorida jarima solishni nazarda tutar edi. O‘zgartirishlar bilan jarima miqdori BHMning 30 baravarigacha (11,25 million so‘m) oshiriladi, takroran qoidabuzarlik uchun esa haydovchi BHMning 50 baravari (18,75 million so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga tortiladi.
Haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi bilan bog‘liq deyarli barcha moddalar “shaxsning aql-idrokiga ta’sir etuvchi psixotrop yoki boshqa moddalar” tushunchalari bilan aniqlashtirilib, kengaytirilmoqda.