Senatning 21-fevral kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 11-dekabr kuni qabul qilingan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi 244-moddasining uchinchi qismida ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda xuddi shu moddaning to‘rtinchi qismida ushbu harakatlarni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

“Gazeta.uz”ning aniqlashicha, tuzatishlar bilan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida ta’lim olganlik uchun javobgarlik kiritish taklif qilinmoqda. Xususan, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida o‘tkaziladigan o‘qishga qatnashish, shu jumladan, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish bo‘yicha bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarni egallash, shuningdek, qurol-yarog‘, portlash qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan boshqa moddalar va predmetlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha (112,5 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

Bunda moddaning ushbu qismi bo‘yicha jinoyatni sodir etgan shaxs agar u hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, moddaning 4-qismiga moliyalashtirish to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilmoqda. Xususan, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik, talonchilik, portlatish, mulkka shikast yetkazish yoki yo‘q qilish, hokimiyat vakiliga qurol yoki qurol sifatida ishlatiladigan boshqa narsalarni qo‘llash yoki qo‘llash bilan qo‘rqitib qarshilik ko‘rsatish bilan birga sodir etiladigan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish yoki moliyalashtirish, xuddi shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etishda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Muhokamadan so‘ng qonun senator tomonidan ma’qullandi va imzolash uchun prezidentga yuborildi.