Bahodir Nizomovich Qurbonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi. Bu haqda assotsiatsiya matbuot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga Assotsiatsiya a’zolari tomonidan kelib tushgan nomzodlar Saylov qo‘mitasi a’zolari ishtirokida assotsiatsiya Saylov kodeksi va ustaviga asosan muvofiqlik tekshiruvidan o‘tkazildi.
Assotsiatsiya ustavining 30-moddasi 4-bandiga binoan delegatlar tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga Bahodir Nizomovich Qurbonov nomzodi ilgari surildi.
Assotsiatsiya ustavi va saylov kodeksiga asosan Bahodir Nizomovich Qurbonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga saylandi.
Eslatib o‘tamiz, assotsiatsiyaning sobiq prezidenti Abdusalom Azizov noyabr oyida DXX raisi lavozimidan ozod etilib, prezidentning yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lgach, futbol tashkiloti rahbarligidan ham ketgandi. Uning o‘rniga Ravshan Ermatov O‘FA rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Bahodir Qurbonov 2024-yil 22-noyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlangandi.