Senatning 22-fevral kuni to‘rtinchi yalpi majlisida “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra oiladagi tazyiq va zo‘ravonlik sabab sudga ariza bilan murojaat qilinganda sud er-xotinni yarashtirish uchun muayyan muhlat beradi. Ushbu berilgan muhlat ichida oilaviy nizo va janjallar qayta sodir etilishi ayollarning o‘z joniga qasd qilishiga, ularga yetkazilgan tan-jarohatlari esa ularning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, 2023-yil 15-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro F.Jonqobilov turmush o‘rtog‘i D.Turdiyevaga og‘ir tan jarohati yetkazishi oqibatida D. Turdiyeva vafot etgan. Ushbu jinoyatning sodir etilishi sabablari o‘rganilganda, 2021-yildan buyon fuqaro F.Jonqobilov va turmush o‘rtog‘i marhum D.Turdiyevalar o‘rtasida rashk tufayli o‘zaro oilaviy nizosi mavjud bo‘lib, ular 2023-yilning iyul oyida ajralish maqsadida FIB Yakkabog‘ tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Mazkur murojaat sud tomonidan 2023-yil noyabr oyida ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Qonunda oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra sud tomonidan yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mazkur qonunga ko‘ra, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkin.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.