21-fevral kuni Nyu York shahrida O‘zbekiston va Surinam o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi, deb xabar qildi “Dunyo” AA.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Surinamning BMTdagi doimiy vakili Sunil Algram Sitaldin imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shu tariqa, Surinam O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 158-davlat bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning 5-fevral kuni O‘zbekiston Afrikaning Somali davlati bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan edi.