22-fevral kuni Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodar Oxund boshchiligidagi yuqori martabali delegatsiya ikki kunlik rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda uning idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Delegatsiya tarkibidan bir qator martabali vazirlar va tarmoq muassasalari hamda bank vakillari o‘rin olgan.
Delegatsiya Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Islom Amirligining O‘zbekistondagi elchisi Abdulg‘affor Bahr tomonidan kutib olindi.
Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, savdo va tranzit aloqalarini mustahkamlash, Afg‘onistondagi turli sohalarga o‘zbekistonlik investorlarni jalb qilishdan iborat edi.
Shundan so‘ng uchrashuvda savdo-tranzit aloqalarini kengaytirish, o‘zbekistonlik investorlarning Afg‘onistonga investitsiya kiritishi masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama savdo aloqalarini faollashtirish maqsadida Toshkent ikki davlat chegarasida qo‘shma savdo zonasini tashkil etishga tayyorligini bildirdi, deya qayd etiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu savdo zonasida qarag‘ay yong‘og‘i va paxtani qayta ishlash zavodlari, qadoqlash va logistika markazlari, turli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sexlari bo‘ladi.
“O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, shuningdek, o‘zbekistonlik sarmoyadorlar Afg‘onistonda neft va gazni qidirish va qazib olishda Islom Amirligi bilan hamkorlik qilishga, sanoat sohasiga, jumladan, Samangan viloyati (Afg‘oniston!)da sement zavodi tashkil etishga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u „Toti Maydan“ gaz konini o‘rganish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilganini va tez orada qazib olish ishlari boshlanishi kutilayotganini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish
Qayd etilishicha, uchrashuvlarda Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiyotning turli sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari Mulla Barodar Oxund o‘z nutqida Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida diniy, tarixiy, madaniy va etnik mushtaraklik mavjud bo‘lib, bu tarix davomida ularning siyosiy va iqtisodiy munosabatlariga chuqur ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Amirligi hokimiyatni o‘z qo‘liga olgandan buyon ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari tobora o‘sib, mustahkamlanib bormoqda va ikkala tomon ham uni yanada kengaytirish uchun birgalikda harakat qilishi kerak.
Barodar Oxund Kobul va Toshkent o‘rtasidagi savdo aloqalarini faollashtirishning bir qator muhim masalalarini ta’kidladi, jumladan:
- O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan zarur choralar ko‘rish orqali bank operatsiyalarini osonlashtirish;
- O‘zbekistonning Afg‘oniston bank sektorini mustahkamlashdagi hamkorligi, ikki tomonlama savdo uchun milliy valyutalardan foydalanish;
- chegaradagi bojxona tizimlarining ulanishini tezlashtirish, afg‘on savdogarlari uchun qo‘shma bozorga tovarlarni tashishda logistika qulayligini ta’minlash;
- afg‘on savdogarlari uchun savdo litsenziyalash to‘siqlarini bartaraf etish, ular uchun vizalar berishni osonlashtirish;
- uglevodorodlar va mineral resurslar bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekiston barcha qayd etilgan yo‘nalishlarda to‘liq hamkorlik qilishiga ishontirdi va Toshkent Kobul bilan iqtisodiyotning barcha sohalarida birgalikda ishlashdan manfaatdor ekanini yana bir bor ta’kidladi, deyiladi xabarda.