22-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdulg‘ani Barodar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.

“Uchrashuvda davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangani, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan barcha sohalarda konstruktiv va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganliklari ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

abdulg‘ani бародар, абдулла арипов, толибон

Oxirgi yillarda mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yili “Termiz xalqaro savdo markazi” ochilgani ikki tomonlama savdoni rivojlantirishga xizmat qilayotgani bildirildi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Afg‘oniston delegatsiyasining mamlakatga tashrifi dasturidan Toshkent shahridagi bir qator ishlab chiqarish obektlari faoliyati bilan yaqindan tanishish ham o‘rin olgan.

Avvalroq “Tolibon” delegatsiyasi Toshkentga ikki kunlik tashrif bilan kelgani, Barodar O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida yozgandik.