23-fevral kuni Germaniya bundestagiga muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovlarda konservativ blok — Fridrix Mers boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoqi va Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) yetakchilik qilmoqda, deya xabar berdi ARD va ZDF saylov uchastkalaridan chiqishda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga tayanib.

ARD ma’lumotlariga ko‘ra, blok uchun saylovchilarning 28,9 foizi, ZDF ma’lumotlariga ko‘ra, 28,6 foizi ovoz bergan.

Ikkinchi o‘rinda GFRning urushdan keyingi tarixida birinchi marta “Germaniya uchun alternativa” (AfD) o‘ta o‘ng partiyasi bormoqda, uning ko‘rsatkichi 19,7 foizdan 20,1 foizgacha.

Ekzit-polga ko‘ra, parlamentga Olaf Sholsning Sotsial-demokratik partiyasi (SDP, 16,1 foizdan 16,3 foizgacha), shuningdek, Yashillar (12,4 foizdan 13,2 foizgacha) va So‘l partiya (8,6 foizdan 8,9 foizgacha) o‘tdi.

Parlamentga kirish uchun partiyalar 5 foizdan ortiq ovoz to‘plashi kerak. Saylovlarda umumiy vaziyat quyidagicha:

ARD infografikasi.ARD infografikasi.

ZDF infografikasi.ZDF infografikasi.

O‘z navbatida, “Germaniya uchun alternativa” Sharqiy Germaniyada qolgan partiyalardan o‘zib ketib, 25 foizdan ortiq ovoz oldi, deb xabar bermoqda ARD telekanali.

Germaniya bundestagiga saylovlarda ishtirok etish rekord darajadagi 83 foizni tashkil etdi, deb yozadi ZDF.

Tarixan shunday bo‘lib kelganki, ekzit-pol natijalari nisbatan aniq va ovoz berish tugaganidan keyingi soatlarda prognozlar odatda unchalik o‘zgarmaydi, deb ta’kidladi Bloomberg. Ovoz berishning dastlabki natijalari 24-fevral kuni ma’lum bo‘ladi.

Hech qaysi partiyadan mutlaq ko‘pchilik yo‘qligi sababli eng ko‘p ovoz olgan va hukumat koalitsiyasida yetakchilik qilgan partiya rahbari kansler bo‘ladi. Saylov natijalariga ko‘ra, Xristian-demokratlar partiyasi Bundestagdagi 630 o‘rindan 186 tasini, “Germaniya uchun alternativa” esa 131 o‘rinni egallashi mumkin, deyiladi ma’lumotlarda.

2021-yilgi saylov natijalari bilan taqqoslaganda, AfD o‘z natijasini ikki baravarga oshirdi va Olaf Sholsning SDPsi o‘z tarixida birinchi marta bundestagda uchinchi eng kuchli partiyaga aylanishi mumkin. Shols partiyasi o‘z faoliyati davomida eng yomon natijani ko‘rsatdi.

Fridrix Mers, Xristian-demokratik ittifoqi yetakchisi, kanslerlikka nomzod:

Bu saylovlarda biz g‘alaba qozondik. Tashqi dunyo bizni kutmayapti, uzoq koalitsiya uchrashuvlari va muzokaralar ham kutgani yo‘q… Endi biz tezda harakat qilish qobiliyatimizni tiklashimiz kerak, shunda biz o‘z uyimizda to‘g‘ri ishlarni qila olamiz, Yevropada yana mavjud bo‘lamiz va butun dunyo Germaniya ishonchli tarzda boshqarilayotganini tushunadi.

Alis Vaydel, AfD yetakchisi:

Bu biz uchun tarixiy yutuq, erishgan eng yaxshi natijamiz bo‘ldi.

Biz mamlakatimiz uchun siyosat yuritmoqchimiz. Biz Xristian ittifoqi bilan koalitsiya muzokaralariga rozimiz. Bu yo‘nalishda u partiya ham buni tan olishi kerak. Aks holda, Germaniyada hech qanday siyosiy o‘zgarish bo‘lishi mumkin emas.

Olaf Shols esa saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olib, natijani sotsial-demokratlar uchun achchiq deb atadi.