O‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov (10−1−2, 7 KO) amerikalik yengilmas sportchi kichik Vyorjil Ortisga (23−0, 21 KO) imkoniyatni boy berdi. Jang 23-fevralga o‘tar kechasi Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi boks oqshomi doirasida bo‘lib o‘tdi.

boks, вёржил ортис, исроил мадримов

Bu juda tomoshabop jang bo‘lmadi, ammo 26 yoshli kichik Ortis hakamlarning bir ovozdan qabul qilingan qaroriga ko‘ra (117−111, 115−113, 115−113) g‘alaba qozonib, mag‘lubiyatsiz rekordini va vaqtinchalik WBC super o‘rta vazn toifasidagi chempionlik unvonini saqlab qoldi.

30 yoshli Madrimov jangning birinchi yarmida Ortisning ko‘plab kuchli tomonlarini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo amerikalik tezlikni oshirishi bilan u tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va jangning borishini nazorat qila boshladi, Madrimov juda ehtiyotkor jang qilishga majbur bo‘ldi.

Ortisning gavdaga bergan zarbalari, ayniqsa, xavfli ko‘rinish oldi. Madrimov qarshi hujumga o‘tishga harakat qildi, bu ba’zida muvaffaqiyatli chiqdi, so‘ngra so‘nggi raundlarda bosimni kuchaytirdi, ammo bu g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi.

boks, вёржил ортис, исроил мадримов

“Biz bunday jangni kutgandik. Og‘ir bo‘lishini bilardik. [Isroil Madrimov] g‘alaba uchun kelgandi”, — dedi Ortis. “Faqat sabr qilishim va o‘ylamasdan hujumga tashlanmasligim kerak edi. Men aqlli harakat qilishim va zarbalarni sinchkovlik bilan tanlashim kerakligini bilardim… Shunchaki eng yaxshilar bilan jang qilishni xohlayman. Turki (Al ash-Shayx) meni kimga qarshi qo‘ysa, unga rozi bo‘laman. Hech qachon janglardan qochmayman”.

boks, вёржил ортис, исроил мадримов

30 yoshli Madrimov Osiyo o‘yinlari sovrindori va havaskorlar o‘rtasida Osiyo chempioni hisoblanadi. U professional faoliyatini 2018-yilda AQShning Atlantik Siti`sida boshlagan, u yerda boshqa o‘zbekistonliklar — Shahram G‘iyosov va Murodjon Ahmadaliyev muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

O‘tgan yilning mart oyida Ar-Riyodda u Magomed Kurbanovni (25−1, 13 KO) 5-raundda nokaut bilan mag‘lub etib, birinchi o‘rta vazn toifasida WBA yangi chempioniga aylangandi.

Biroq birinchi o‘rta vazn toifasida (69,9 kg gacha) sobiq jahon chempioni Madrimov uchun Ortisdan mag‘lubiyat ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyat bo‘ldi, u avvalgi jangda ikki karra mutlaq jahon chempioni Terens Kroufordga yutqazgandi.

Bunday chiqishlar 30 yoshli Madrimovga qimmatga tushishi mumkin, chunki so‘nggi ikki jangda — Terens Krouford va endi Ortisga qarshi — u o‘zining yuqori darajasini va raqiblar hayotini murakkablashtirish qobiliyatini namoyish etdi. Biroq agar bokschida pul to‘laydigan tomoshabinlarni jalb qiladigan keng muxlislar bazasi bo‘lmasa, katta janglarga erishish qiyin bo‘ladi, deb yozadi Bad Left Hook.

Dastlab Isroilning raqibi Sergey Bogachuk (24−2) bo‘lishi kerak edi (2024-yil avgust oyida Ortis aynan uni mag‘lub etgan). Ular 21-dekabr kuni bayroqdorlari Aleksandr Usik va Tayson Fyuri bo‘lgan turnirning anderkardida to‘qnash kelishlari kerak edi. Ammo Madrimov o‘tkir bronxit tufayli jangni tark etdi.

Ortis 26 yoshda. Amerikalik professional sifatida u 2016-yilda debyut qilgan va o‘z hisobida sobiq jahon chempioni, hamyurti Moris Xuker, shuningdek, sobiq da’vogarlar — litvalik Egis Kavalyauskas va ukrainalik Sergey Bogachuk ustidan qozonilgan g‘alabalar bor.