Vatikan shanba kuni Rim papasi Fransiskning sog‘lig‘i so‘nggi 24 soat ichida yomonlashganini aytdi va birinchi marta uning ahvolini “og‘ir” deb ta’riflab, unga qo‘shimcha kislorod va qon quyish kerak bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, testlar unda trombotsitlar ko‘rsatkichi pastligini ko‘rsatdi.
Rim papasi bir necha kun davomida nafas olishi qiyinlashgandan so‘ng 14-fevralda Rimning Jemelli kasalxonasiga yotqizilgan, shundan so‘ng unga ikkala o‘pkada pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.
Bayonotda aytilishicha, 88 yoshli Fransisk ertalab “uzoq davom etgan astmaga o‘xshash nafas olish muammolari”dan aziyat chekkan, bu esa “yuqori oqimli kislorod” yuborishni talab qilgan.
“Avliyo otaning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Papaning hayoti xavf ostida”, — deyiladi xabarda. “Avliyo ota hushida va kechagidan ko‘ra ko‘proq noqulayliklarni boshdan kechirayotgan bo‘lsa-da, kunni kresloda o‘tkazdi”, — deb qo‘shimcha qildi Vatikan.
Avvalroq Fransiskning shifoxonaga yotqizilishi munosabati bilan Vatikan joriy oyda Rim papasi tashrif buyurishi kerak bo‘lgan bir qator tadbirlarni, jumladan, 19-fevraldagi an’anaviy umumiy qabulni bekor qilgani xabar qilingandi. U ketma-ket ikkinchi hafta ushbu tadbirni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Papaga qo‘yilgan tashxic — qo‘sh pnevmoniya jiddiy infeksiya bo‘lib, ikkala o‘pkani yallig‘lantirishi mumkin, bu esa nafas olishni qiyinlashtiradi. Vatikan papaning infeksiyasini “murakkab” deb ta’riflab, uni ikki yoki undan ortiq mikroorganizmlar keltirib chiqarayotganini aytdi, deyiladi Reuters xabarida.
Shifoxona xodimlaridan biri o‘pka infeksiyasi uning qoniga tarqalib, sepsisga aylanishi xavfi borligini aytdi, buni “yengish juda qiyin bo‘lishi mumkin”.
Argentinalik pontifik qariyb 12 yildan buyon Rim-katolik cherkoviga rahbarlik qilib kelmoqda. Yoshligida u kasallikdan so‘ng o‘pkasining bir qismini oldirib tashlagan, shuning uchun u tez-tez nafas yo‘llari kasalliklari xurujidan aziyat chekadi, deya ta’kidlaydi AP. Fransiskning tizzasida ham muammolar bor, shu sababli u so‘nggi yillarda nogironlik aravachasi va hassadan foydalanadi.
2023-yil mart oyida Fransiskka pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan, ammo o‘shanda u uch kundan keyin kasalxonadan chiqqandi.