Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat tinchligi uchun o‘z lavozimini tark etishga tayyorligini ta’kidladi. Bu haqda u 23-fevral kuni Kiyevda o‘tgan “Ukraina. 2025-yil” forumi matbuot anjumanida gapirdi.

“Agar bu Ukraina uchun tinchlikni kafolatlasa, ketishga tayyorman. Men buni NATO [a’zoligi]ga almashtirishim mumkin. Men o‘nlab yillar davomida hokimiyatda bo‘lmoqchi emasman”, — deldi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, qazilmalar bo‘yicha bitimning yangi variantida 500 milliardlik raqam paydo bo‘lganini tasdiqladi.

“O‘sha payt gap qarz haqida ketayotgani, bu investitsiya emasligi ma’lum bo‘ldi… Agar bu pullar jamg‘armaga ketsa va chet eldan hech narsa kelmasa va biz qarzni to‘lasak… Bizda 100 edi. Men 500 ni berishga tayyor emasman. Hatto 100 ni ham qat’iy belgilashga tayyor emasman, chunki grantlarni qarz sifatida tan olmayman. Biz qarzni qaytarmasligimiz kerak”, — dedi Zelenskiy.

Ukraina AQShdan 350 milliard dollar emas, balki 100 milliard dollar yordam olgan, deya aniqlik kiritdi Ukraina yetakchisi. “120 mlrd — Ukraina, 100 mlrd — Yevropa va hamkorlar, 100 mlrd — AQSh. 500 ham, 300 ham, 700 ham emas”, — dedi u.

Hamkorlarni hurmat qilgan holda, biz 500 milliard dollarlik qarzni tan olmaymiz. Men Bayden bilan buni [AQSh yordami] grant deb kelishib olgandim. Grant qarz degani emas. Men hatto 100 milliard dollarni ham tan olmayman, — dedi u.

Zelenskiyning aytishicha, Tramp foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv doirasida Ukrainadan ko‘rsatilgan yordamdan 100 foiz ustama olmoqchi. “Buni ukrainaliklarning o‘n avlodi to‘lashi kerak bo‘ladi. Men buni imzolamayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Trampdan men bir-birimizni tushunishni, Ukraina muzokaralar stolida kuchli bo‘lishi uchun nima bo‘layotganini eshitishni juda xohlayman. Men u bilan urush tugaganidan keyin kontingent bo‘yicha gaplashmoqchi edim”, — dedi prezident.

“Iqtisodiy kelishuvlar ham xavfsizlik kafolatlari bo‘lishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy va hozircha u yerda bunday kafolatlar yo‘qligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ertaga Kiyevda Yevropa yetakchilari ishtirokida sammit bo‘lib o‘tadi, bu esa burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralar ishtirokchilari ro‘yxatida Ukraina, AQSh, Rossiya va YeI bo‘lishi kerak.

Ma’lumot o‘rnida, Zelenskiyning prezidentlik vakolati 2024-yil 20-maydan keyin rasman tugagan bo‘lsa ham, mamlakat qonunchiligida urush vaqtida saylov o‘tkazilmasligi qayd etilgan.