O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov faoliyat olib boradigan “Manchester Siti” klubi Angliya Premer ligasining 26-turida “Liverpul”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. 23-fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 0:2 hisobida yakunlandi.
“Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola jamoa bosh hujumchisi Erling Xolandning jarohati sabab hujum markazida Fil Foden va Omar Marmushga tayanmoqda. Madridning “Real” klubiga qarshi o‘yinda o‘ng qanot himoyasida o‘ynagan Abduqodir Husanov himoya markaziga Natan Ake bilan birga qaytdi.
“Qizillar” murabbiyi Arne Slot Soboslai va Kertis Jonsni “yolg‘on to‘qqizlik” sifatida ishlatib, ko‘zgu kabi javob berdi.
Ikkala jamoa ham 4−2−4 sxemasida o‘ynadi, ammo pressing va vaziyatlarni amalga oshirishda aynan “Liverpul” ustunlik qildi.
14-daqiqada burchak to‘pini noodatiy tarzda amalga oshirilishi evaziga qanot hujumchisi Muhammad Saloh gol urdi, keyinroq u ham golli uzatmani amalga oshirdi. Endilikda 32 yoshli misrlik hisobida Angliya chempionatining joriy mavsumida 25 gol va 16 golli uzatma mavjud (38 o‘yinda jami 30 gol va 21 golli uzatma). Bu orqali u samarali harakatlar bo‘yicha bir nechta rekordlarni yangiladi.
Bahsning ikkinchi golini yarim himoyachi Dominik Soboslai kiritdi, Abduqodir Husanov unga halal bera olmadi.
Ushbu g‘alaba evaziga “Liverpul” ortda borayotgan “Arsenal”dan 11 ochkoga o‘zib ketdi, “Arsenal” esa avvalgi turda “Vest Hem”ga mag‘lub bo‘lgandi.
Pep Gvardiola Husanovni o‘yin uchun maqtadi.
“[Husanov] Madridda juda yaxshi o‘ynadi, o‘ng qanot himoyasida o‘ynadi va Vinisiusni nazorat qildi, bugun ham u juda tezkor va intizomli o‘ynadi. Albatta, u o‘z ustida ishlashi kerak va u aql bovar qilmaydigan qobiliyatga ega. Niko [Gonsales] va Umar [Marmush] ham, lekin ularga jismonan kuchli jamoaga qarshi oson emas”, — dedi murabbiy.
O‘zbekistonlik himoyachi mag‘lubiyatga qaramay, bir necha bor jamoasini qutqarib qoldi. Bir vaziyatda Saloh “shaharliklar” himoyachisi Natan Akedan qochib ketdi, ammo Abduqodir Husanov sherigini sug‘urta qildirib, uning zarbasini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Yana bir vaziyatda Husanov ofsayd chizig‘ini ushlagani uchun Kyortis Jonsning uchinchi goli bekor qilindi.
Uchrashuv so‘ngida Abduqodir Soboslaining golga aylanishi mumkin bo‘lgan zarbasini qaytarib qoldi.
Husanovning “Liverpul”ga qarshi statistikasi:
- 102 ta to‘pga tegish;
- 87 ta aniq uzatma (eng yaxshi ko‘rsatkich);
- 99 foiz uzatmalar aniqligi (eng yuqori);
- 12 ta to‘p olib qo‘yish;
- hujum zonasiga 9 ta uzatma;
- 6 marta to‘pni uzoqlashtirish;
- yerda 2 ta yakkama-yakka kurashda g‘alaba;
- 1 ta zarbaga blok;
- so‘nggi himoyachining 1 ta qutqaruv podkati;
- 100 foiz podkatlar muvaffaqiyati;
- 1 ta golli imkoniyat yaratish.
Bundan tashqari, hech bir futbolchi bu hafta APLda Husanovdan (12) ko‘p to‘pni olib qo‘ymadi.
Tur yakunlariga ko‘ra, “Liverpul” bir o‘yin ko‘p o‘tkazib, 64 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda “Arsenal” (53), uchinchi o‘rinda “Nottingem Forest” (47), to‘rtinchi o‘rinda “Manchester Siti” joylashgan.
Video
Video Setanta Sports Premier League YouTube kanalidan olindi.
Eslatib o‘tamiz, 20 yoshli Abduqodir Husanov yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga o‘tgan va ingliz klubi bilan 2029-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagandi.
Avvalroq “Gazeta.uz” Husanov bilan 2024-yilning yozida O‘zbekiston terma jamoasining Parij Olimpiadasigacha bo‘lgan yo‘li haqida hujjatli film ustida ishlayotganda yozib olingan intervyuni, shuningdek, uning agenti bilan intervyuni e’lon qilgan edi.