Prezident farmoni bilan Behzod Saylixonovich Hamrayev Statistika agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan u Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, u 2020-yil yanvaridan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi. U pul-kredit siyosati, monetar operatsiyalar, statistika va tadqiqotlar yo‘nalishlarini nazorat qilishga javob bergan.

Undan avval MBning Pul-kredit siyosati departamenti direktori vazifasini bajargan.

Hamrayev 1983-yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2006-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistraturasini, 2016-yili Yaponiyaning siyosiy fanlar milliy institutini tamomlagan. Ekonometrika va statistika magistri darajasiga ega.

Mehnat faoliyatini Iqtisodiyot vazirligida boshlagan. 2008-yildan buyon Markaziy bank tizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.