O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi 2031-yilgi Osiyo kubogini birgalikda o‘tkazish bo‘yicha Osiyo futbol konfederatsiyasiga nomzodlik taklifini yubordi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Osiyo futbol konfederatsiyasi 2031-yilda Osiyo qit’asining eng nufuzli futbol turniri bo‘lgan Osiyo kubogi mezbonligiga nomzodlarni ko‘rib chiqishni boshlagan.
“So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda futbol borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar, xalqaro maydondagi nufuzidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi futbol uyushmalari birgalikda Osiyo kubogi mezbonligini yuqori saviyada o‘tkazishga ishonch bildirgan holda, o‘z qo‘shma nomzodini ilgari surishdi”, — deyiladi O‘FA xabarida.
O‘FA bugungi kunda qo‘shni mamlakatlar bilan birga O‘zbekiston ham nufuzli musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor ekanini ta’kidlagan. Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi kabi shaharlarda stadionlar xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga keltirilgan.
“Qo‘shimcha ravishda, oxirgi yillarda Osiyoning U-20, U-23 turnirlari, Futzal bo‘yicha Jahon chempionati mezbonligi ulkan tajriba vazifasini o‘tadi. Markaziy Osiyo har doimgidek o‘zining mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislar mehri bilan butun Osiyo e’tiborini qozonishga tayyor”, — deya qayd etgan O‘FA.