Farg‘ona vilyoati Bag‘dod tumanida avtomobil yo‘lining bir qismi o‘pirilib tushdi. Viloyat FVB holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 23-fevral kunidan 24-fevral kuniga o‘tar kechasi Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lining 286-kilometrida yo‘l qoplamasi cho‘kib qolgan.

Bunga yo‘lning o‘ng tomonidan oqib o‘tuvchi Farg‘ona kanalida suv sathi ko‘payib, avtomobil yo‘lining tag qismidan sizib o‘tishi sabab bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda mazkur avtomobil yo‘lining Qo‘qon-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha 285 kilometr va Farg‘ona-Qo‘qon yo‘nalishining 288 kilometrlaridan vaqtinchalik harakat cheklangan.

Tumanning 40 V 047 Bag‘dod-Dasht-Utarma (Qo‘qon-Farg‘ona) va 40 V 046 Yangiqo‘rg‘on-Utarma-Qaqir (Farg‘ona-Qo‘qon) avtomobil yo‘llari orqali harakat tashkil etilgan va yo‘l cho‘kkan qismida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur avtomobil yo‘li 2024-yil avgust oyida joriy ta’mirlangan. Transport vositasi harakat jadalligi sutkasiga 30 000−35 000 tashkil etadi, harakat vaqtincha to‘xtatilib, tashkil etilgan avtomobil yo‘llarining 25 kilometrga uzaygan.

Farg‘ona viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bergan ma’lumotiga ko‘ra, 24-fevral kuni soat 18:00 ga qadar avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari yakunlanib transport vositalarining harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.