O‘zbekistonda yangi binolarni markazlashtirilgan isitish va elektr pechkalarga o‘tkazish orqali aholi turar joylarida elektr energiyasidan oqilona foydalanishga o‘tish rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning 21-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan.
2025-yilda mamlakatda 135 ming xonadonli turar joy binolari qurish rejalashtirilgan. Ular markaziy isitish tizimiga ulanadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan yangi uylardagi oshxonalar elektr pechkalar bilan jihozlanadi.
Bundan tashqari, rasmiylar aholi punktlarida ichki yo‘larni yoritish uchun elektr energiyasi iste’molini ikki baravar kamaytirish niyatida. Tegishli takliflar 1-aprelga qadar Prezident administratsiyasiga kiritilishi kerak.
Shuningdek, aprelga qadar har bir hududda liftlarni foydalanishga topshirish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kamida ikkitadan guruh tashkil etish rejalashtirilmoqda. Mutaxassislarni tayyorlash uchun esa har bir hududda kamida 20 kishi lift uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha o‘quv kurslaridan o‘tadi.
“Yangi O‘zbekiston” va boshqa turar joy massivlarida ko‘p qavatli uylar qurish xarajatlarining kamida 2 foizi yaqin atrofdagi hududlarni obodonlashtirishga yo‘naltirilishi mumkin. Tegishli hujjat loyihasi 1-iyulga qadar Vazirlar mahkamasiga kiritilishi kerak.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, joriy yilda uy-joylarning texnik holatini hisobga olish uchun “Turar-joy” milliy axborot tizimini yaratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “Xavfsiz lift” yagona platformasini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Ko‘p qavatli uylardagi 8942 ta lift holati va ishlashini nazorat qilish uchun texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Besh yil davomida 2001 ta liftni yangilash, yana 382 ta liftni kapital ta’mirlash rejalashtirilgan.
Nega markaziy isitish?
“Gazeta.uz” so‘roviga javoban Qurilish vazirligi Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida 2025-yilda ko‘p qavatli uylarda 120 ming xonadon qurish rejalashtirilganini ta’kidladi.
Prezidentning 2021-yil 9-dekabrdagi (PF-32) “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivlarini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoniga asosan 29 ming xonadon markazlashtirilgan isitish tizimi bilan ta’minlanadi.
Yangi Toshkentda 15 ming xonadon bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi, issiqlik va sovuqlik ishlab chiqaradigan trigeneratsiya tizimi orqali isitiladi va sovutiladi.
Uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda 91 ming xonadon quriladi. Markazlashtirilgan isitish tizimiga ega hududlarda joylashgan yangi binolar shahar qozonxonalariga ulanish uchun texnik shartlarni oladi. Markazlashtirilgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan hududlarda yangi qozonxonalar quriladi.
Qurilish vazirligi markazlashtirilgan qozonxonalarning afzalliklari sifatida yoqilg‘idan foydalanishda moslashuvchanlik (tabiiy gaz, ko‘mir, mazut), xavfsiz va barqaror issiqlik ta’minoti, yakka tartibdagi qozonlardan ikki baravar kam gaz sarfini aytdi.