24-fevral kuni “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, ekologik ekspertiza davlat va jamoat ekologik ekspertizasi tarzida amalga oshiriladi.
Ekologik ekspertiza obyektlari quyidagilardan iborat va ular davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart:
barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini tanlash va ajratish materiallari;
- loyihaoldi va loyiha hujjatlari;
- tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik va yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlar, shu jumladan texnik reglamentlar va shartlarning, standartlarning, qoidalar hamda yo‘riqnomalarning loyihalari;
- chiqindilarni zararsizlantirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun yangi turdagi texnologiyalarni hamda texnika vositalarini, materiallar, buyumlarni, biologik, kimyoviy moddalarni va vositalarni yaratish bo‘yicha hujjatlar;
- atrof-muhitning holatiga va inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab turgan korxonalar hamda boshqa obyektlar;
- maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan obyektlar.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi quyidagi muddatlarda yuridik kuchga ega bo‘ladi:
- atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari bo‘yicha — xulosa berilgan kundan e’tiboran 3 yil mobaynida;
- ekologik normativlar loyihalari bo‘yicha — xulosa berilgan kundan-kundan e’tiboran 5 yil mobaynida.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.