Germaniyada o‘tkazilgan 2025-yilgi parlament saylovlarida Xristian-demokratik ittifoqi / Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) konservativ bloki 28,5 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinni egalladi. Bu Markaziy saylov komissiyasining barcha 299 okrug bo‘yicha ma’lumotlarida aks etadi.
Saylovchilarning rekord darajadagi — 83,5% ishtiroki qayd etildi, bu 1990-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ikkinchi o‘rinni 20,8 foiz ovoz bilan “Germaniya uchun alternativa” (AfD), uchinchi o‘rinni 16,4 foiz natija bilan amaldagi kansler Olaf Sholsning Sotsial-demokratik partiyasi (SDP) egalladi.
Shuningdek, “Yashillar” (11,6 foiz) hamda So‘l partiya (8,7 foiz) keyingi o‘rinlarni band etdi. 2023-yilda tashkil etilgan “Sara Vagenknext ittifoqi” partiyasi 4,9 foiz ovoz to‘plab, parlamentga kirish uchun besh foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi.
XDI/XSI parlamentda 208 o‘rinni, “Germaniya uchun alternativa” — 152 o‘rinni, Shols partiyasi — 120 o‘rinni, “Yashillar” — 85 o‘rinni, “So‘llar” — 64 o‘rinni band qildi.
“Men butun Germaniya aholisini ifodalaydigan va mamlakatimiz muammolarini hal qiladigan federal hukumatni shakllantirishga harakat qilaman”, — deb yozdi konservativ blok yetakchisi Fridrix Mers.
O‘z tarafdorlarining ko‘payishi bo‘yicha saylovning asosiy g‘olibi o‘ng qanot populist AfD bo‘lib, u o‘z ovozlarini deyarli ikki baravarga oshirdi, deb yozdi Deutsche Welle.
Amaldagi kansler Olaf Shols boshchiligidagi Sotsial-demokratlar (SDP) nafaqat federal saylovlardagi eng yomon natijasini qayd etdi, balki avvalgi saylovlarga nisbatan eng ko‘p ovoz yo‘qotdi.
Koalitsiyadan chiqishi navbatdan tashqari saylovlarga turtki bo‘lgan neoliberal Erkin demokratik partiya (EDP) ham katta yo‘qotishlarga uchradi. Partiya 5 foizlik chegarani bajara olmaganidan keyin Bundestagga kirmaydigan bo‘ldi.
Germaniya parlamentida o‘rinlar qanday taqsimlangan?
Nemislar saylovga borganda ikkita ovozga ega bo‘ladi: biri o‘z okrugi vakili bo‘lgan nomzod uchun, ikkinchisi partiyaning shtat ro‘yxati uchun. Birinchi ovoz berish tegishli saylov okrugi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri nomzod uchun o‘tkaziladi va har bir okrug vakillarini ta’minlagan holda parlament umumiy tarkibining yarmini belgilaydi. Ikkinchi ovoz berish parlamentning quyi palatasi Bundestagda partiyalarning kuchini belgilaydi va shu bilan ushbu shtat ro‘yxatidan nechta nomzodga Bundestagdan o‘rin berilishini aniqlaydi.
Bundestagda 630 ta o‘rin bor. Partiya egallagan o‘rinlar soni ularning ovoz berishdagi ulushiga qarab belgilanadi. Partiya parlamentga kirishi uchun kamida 5 foiz ovoz olishi kerak. Biroq kamida uchta saylov okrugida g‘olib bo‘lgan nomzodlarni ko‘rsatgan partiyalarga istisno beriladi: uchta individual mandatni qo‘lga kiritish tegishli partiya uchun 5 foizlik to‘siqni bekor qiladi.
Germaniyada qanday koalitsion hukumat bo‘lishi mumkin?
XDI/XSI eng ko‘p ovoz olgan bo‘lsa-da, mutlaq ko‘pchilikka ega emas. Partiya Bundestagda 208 o‘ringa ega bo‘ldi. Ular Bundestagda ko‘pchilik uchun minimal bo‘lgan 316 ta o‘rinni qo‘lga kiritish va keyingi hukumatni shakllantirish uchun boshqa partiya bilan koalitsiyaga kirishi kerak bo‘ladi. XDI AfD bilan koalitsiyani istisno qildi (Germaniyaning yetakchi partiyalari, shu jumladan XDI, “brandmauer” siyosatiga amal qiladi — Germaniyada o‘ta o‘ng partiyalar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish shunday ataladi — tahr.) va bu o‘ta o‘nglarning “olovli devori” ekanini ta’kidladi. Bu oxirgi o‘rinlar taqsimotiga qarab, eng ehtimoliy variantlar sifatida SDP yoki “Yashillar”ni o‘z ichiga olgan uch tomonlama koalitsiya bilan ikki tomonlama katta koalitsiyani qoldiradi.