O‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov (10−2−1, 7 KO) amerikalik yengilmas sportchi kichik Verjil Ortisga (23−0, 21 KO) qarshi jangdagi mag‘lubiyatini izohladi.

Eslatib o‘tamiz, jang 23-fevralga o‘tar kechasi Ar-Riyodda (Saudiya Arabistoni) bo‘lib o‘tgan boks oqshomi doirasida bo‘lib o‘tdi va hakamlarning yakdil qarori (115−113, 115−113, 117−111) bilan Ortisning g‘alabasi bilan yakunlandi.

“To‘g‘risini aytsam, biz bu jangga tayyorgarlik ko‘rgandik, ammo 100 foiz tayyor emasdik. Jang bo‘ladigan dekabr oyida virusli kasallikka chalindim. Lekin tuzalib ketmagan ekanman. Bu haqda AQShga kelganimizda bildik. Jangdan ikki hafta oldin shifokor endi mashg‘ulotlarga kirishishim mumkinligini aytdi. Biz jangni bekor qilmoqchi emasdik. 12 raund boks tusha oldim, menimcha, yomon chiqmadi. Bu ham tajriba”, — dedi u O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan intervyuda.

Boxing News nashriga bergan intervyusida u Artur Betterbiyev — Dmitriy Bivol 2 o‘rtasidagi katta boks oqshomining bir qismi bo‘lgani uchun jangni bekor qilishni istamaganini ta’kidladi. Saudiya Arabistonida Bivol Beterbiyevdan revansh olib, yarim og‘ir vazn toifasida yangi mutlaq jahon chempioniga aylanganini ta’kidladi.

“Dekabr oyida kasal bo‘lib qoldim. Ikki hafta oldin shifokorga bordik va u mening jangga tayyor emasligimni aytdi. Biz jangni bekor qilmoqchi emasdik, chunki u katta boks kechasining bir qismi edi. Men tomoshabop jang ko‘rsatmoqchi edim, bu mening ishim”, — dedi Madrimov intervyuda.

O‘zbekistonlik bokschi dastlabki olti raundda juda ko‘p harakat qilganidan afsusda ekanini bildirdi. Ko‘p harakat jang oxirida uni holdan toydirdi va Ortisning foydasiga ishladi. Zarbalar kuchi bo‘yicha Madrimov raqibidan ustun edi, ammo oyoqlarda haddan tashqari faollik uning kuchini yo‘qotdi.

“Men tavakkal qildim, chunki jangni bekor qilishni xohlamadim. Bu muhim tajriba edi. Endi navbatdagi jangni kutaman va kuchliroq bo‘lib qaytaman”, — deya qo‘shimcha qildi Madrimov.

Dastlab Isroilning raqibi Sergey Bogachuk (24−2) bo‘lishi kerak edi. 2024-yil avgust oyida Ortis aynan uni to‘xtatdi. Ular 21-dekabr kuni Aleksandr Usik va Tayson Fyuri bayroqdorlari bo‘lgan turnirning anderkardida to‘qnash kelishlari kerak edi. Ammo Madrimov o‘tkir bronxit kasalligi tufayli jangdan voz kechdi.

Madrimov Osiyo o‘yinlari sovrindori va havaskorlar o‘rtasida Osiyo chempioni. U professional faoliyatini 2018-yilda AQShning Atlantic City klubida boshlagan, u yerda boshqa o‘zbekistonlik proflar Shahram G‘iyosov va Murodjon Ahmadaliyev muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

O‘tgan yilning mart oyida Ar-Riyodda u Magomed Qurbonovni (25−1, 13 KO) 5-raundda nokaut bilan mag‘lub etib, birinchi o‘rta vazn toifasida WBA chempioniga aylandi.

Biroq, birinchi o‘rta vazn toifasida (69,9 kg gacha) sobiq jahon chempioni Madrimov uchun Ortisdan mag‘lubiyat ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyat bo‘ldi, u avvalgi jangda ikki karra mutlaq jahon chempioni Terens Kroufordga yutqazgan edi.