O‘zbekiston uchinchi bor Venetsiya arxitektura biyennalesida ishtirok etadi. Arxitektura sohasidagi asosiy xalqaro tadbir 24-may kuni ochiladi va 23-noyabrgacha davom etadi. Italiyalik arxitektor va muhandis Karlo Ratti kuratorligi ostidagi 19-biyennalening mavzusi — Intelligens: Natural. Artificial. Collective (“Intellekt: Tabiiy. Sun’iy. Kollektiv”).
Milliy pavilon kuratorlari GRACE arxitektura studiyasidan Yekaterina Golovatyuk va Jakomo Kantoni bo‘ladi. Bu haqda pavilon komissari — San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) ma’lum qildi.
Kuratorlar tasodifiy tanlanmagan. 2021-yildan boshlab studiya xalqaro ekspertlar jamoasi bilan birgalikda maqsadi poytaxtdagi 24 ta asosiy modernistik obyektni baholash va saqlash metodologiyasini ishlab chiqish bo‘lgan Tashkent Modernism XX/XXI jamg‘armasining keng ko‘lamli loyihasida ishtirok etmoqda. Bir necha yillik mehnat natijasi ushbu binolarning Toshkent shahri o‘ziga xosligi uchun beqiyos qimmatini tasdiqlash bilan birga, ularning saqlanishini ta’minlash bo‘ldi — ulardan 21 tasiga madaniy meros obyekti maqomi berildi.
“Materiya kabi nur” nomini olgan milliy pavilon loyihaning mantiqiy davomi. Unda “Toshkent modernizmining muhim, ammo ko‘pchilik bilmaydigan timsoli” — poytaxtdan 45 km uzoqlikdagi Parkent tumanida joylashgan “Quyosh” geliokompleksi tarixi orqali O‘zbekiston modernistik merosining ilmiy va madaniy ahamiyati hamda xalqaro salohiyati o‘rganiladi.
Foto Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasidan olindi.
1987-yilda qurilgan obyekt SSSRning so‘nggi yirik ilmiy loyihalaridan biri bo‘lib, ekstremal yuqori haroratlarda materiallar harakatini o‘rganishda foydalaniladigan dunyodagi ikkita eng yirik quyosh pechlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Kuratorlarning fikricha, Venetsiyadagi pavilon geliokompleksning ikki tomonlama xususiyatini aks ettiradi.
“Uning sovet o‘tmishi mantig‘iga mos keladigan ulkan ko‘lami va ma’lum tarixiy voqealar uyg‘unligi uning chinakam rivojlangan infratuzilmaga aylanishiga to‘sqinlik qildi. Venetsiyadagi ko‘rgazma ikki xil rivoyat orqali quyosh pechi haqidagi ushbu qarama-qarshilikni yetkazadi: u bir vaqtning o‘zida barqaror va beqaror, modernist va arxaik, didaktik va maxfiy, tantanaviy va utilitar. Vaqt va makonda qotib qolgan bu arxitektura muqarrar ravishda o‘zining utopik aurasini tevarak-atrofdagi landshaftga yoyishda davom etadi”, — deyiladi jamg‘armaning rasmiy xabarida.
Foto Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasidan olindi.
Pavilon kuratorlari quyosh pechining ishdan chiqishiga salbiy munosabat sifatida qarash o‘rniga, uning imkoniyatlarini, shuningdek, hududning ahamiyati, fan va madaniyatdagi rolini o‘rganmoqda. Ular ushbu obyekt zamonning qaysi dolzarb muammolariga javob bo‘lishi mumkinligi bilan qiziqmoqda.
“O‘zbekiston boy madaniy merosga ega mamlakat va bu pavilon Toshkent modernizmining ajoyib, ammo yetarlicha baholanmagan merosiga e’tiborni qaratishda muhim qadam hisoblanadi. O‘zbekistonning o‘zi singari, pavilon ham kelajakka intilib, innovatsiyalarga bo‘lgan intilish va munosib hissa qo‘shish istagini namoyish etadi. GRACE studiyasi kuratorligida tashkil etilgan ko‘rgazma ana shu ikkilikni aks ettiradi va dastlab me’moriy merosni asrab-avaylashga qaratilgan Tashkent Modernism XX/XXI loyihasi ijobiy kelajak yaratish bo‘yicha munozarani boshlab berganini ham ko‘rsatadi”, — deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.
Pavilon ichidagi ko‘rgazmada namoyish etilgan bir qator obyektlar va inshootlarda institutning asosiy elementlari va ularning talqini yoritilgan. Bu obyektlar yo O‘zbekistondan olib kelinib, biroz moslashtirilgan yoki boshqa joyda yaratilgan va biyennale yakunlanganidan keyin institutda foydalanishga mo‘ljallangan. Barcha modifikatsiyalar ushbu elementlarning konseptual va funksional qayta ko‘rib chiqilishini o‘z ichiga oladi, bu ularning yashirin ma’nolari va imkoniyatlarini ochishga imkon beradi.
Pavilonda yozuvchi Suxbat Aflatuniy hamda rassomlar Azamat Abbosov, Ester Sheynfeld va Muxiddin Risqiyevning asarlari namoyish etiladi. Biyennale doirasidagi tadbirlarda olimlar Odilxo‘ja Parpiyev va Sulton Sulaymonovlar ishtirok etadi.
Bundan tashqari, ko‘rgazma teatr tomoshasi uchun ssenografiyaga aylanadi. Bunday yondashuv kompleksni nafaqat uni saqlab qolish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish, balki uni kengroq ilmiy va madaniy muhokamalarga qo‘shish imkonini beradi. Shuningdek, u “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining qurilishi va ishga tushirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan rossiyalik fizik va akademik Sodiq Azimovning merosini yoritib beradi.