24-fevral kuni Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zalida “Anjir” biznes zalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda unda qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri.
Biznes zali aeroportning jo‘nab ketish terminali “steril” hududining ikkinchi qavatida joylashgan bo‘lib, 427 kvadrat metr maydonni egallaydi. Undagi ikki qavatning o‘zida 116 yo‘lovchini qabul qilish imkoniyati mavjud.
U Wi-Fi, alohida dush va hojatxonalar, chaqaloqlarni yo‘rgaklash stollari va ularni ovqatlantirish uchun o‘rindiqlar bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, yo‘lovchilarga oziq-ovqatlar va alkogolsiz ichimliklar taklif etiladi.
Toshkent xalqaro aeroporti direktori Jasur Po‘latovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur zal CIP Lounge va “Anor” zalidan keyingi uchinchi shunday zal hisoblanadi.
“2024-yilda biz qariyb 9 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdik. Yo‘lovchilar oqimi ham har yili ortib borayotgani sababli biznes zallariga ham ehtiyoj tug‘ilmoqda. Endi poytaxt aeroportida mavjud bo‘lgan zallardan tashqari biz „Anjir“ biznes zalining ochilishini e’lon qilishdan mamnunmiz”, — dedi u ochilish marosimidagi nutqida.
“Anjir” biznes zalini Ozarbayjonning VIP Services Group kompaniyasi boshqaradi. Kompaniya Haydar Aliyev nomidagi Boku xalqaro aeroporti va Ganja xalqaro aeroportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 10 yildan ortiq tajribaga ega.
Uzbekistan Airports va VIP Services Group o‘rtasida elektron ochiq savdolar yakunlari bo‘yicha tegishli shartnoma imzolandi. Boshqaruvchi kompaniya ijara haqiga qo‘shimcha ravishda zalda xizmat ko‘rsatilgan har bir yo‘lovchi uchun har chorakda Uzbekistan Airports hisobiga 39 ming so‘mdan o‘tkazadi. Shartnoma yillik ijara to‘lovi miqdorida avans to‘lash sharti bilan 5 yil muddatga tuziladi.
“Biz Ozarbayjondan tashqaridagi ilk biznes zalimiz aynan birodar O‘zbekistonda ochilganidan faxrlanamiz. Zal global kengayish strategiyamizning muhim qismi hisoblanadi. Umid qilamizki, u biz dunyoning boshqa aeroportlarida ochishni rejalashtirgan kelajakdagi zallar uchun namuna bo‘ladi”, — dedi kompaniya bosh direktori Sobir Shukurov.
Kishi boshiga zaldan foydalanish narxlari 2 soat qolish uchun:
- 2 yoshdan kichik bolalarga — bepul;
- 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga — $20;
- 12 yoshdan kattalarga — $40.
Ma’lumot uchun, Turkish Airlines va Air Astana aviakompaniyalarining birinchi va biznes klass yo‘lovchilari, shuningdek, Priority Pass, LoungeKey, DragonPass, Every Lounge kartalari egalari hamda sodiqlik dasturlari ishtirokchilari ushbu zaldan bepul foydalanadi. Bundan tashqari, ikkinchi qavatdagi zal O‘zbekiston banklari tomonidan chiqarilgan Mastercard premium karta egalari uchun ochiq.