Dam olish kunlari kuzatilgan bahoriy iliq ob-havodan so‘ng ushbu hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havoni keskin o‘zgarishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 24−25-fevral kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 26-fevralda respublikaning qolgan hududlarida yomg‘ir qorga aylanadi. Ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘ladi.

Ayrim joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha, ba’zida 23−25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Dushanba kunduzi hududning katta qismida havo harorati +10…+15 daraja atrofida bo‘ladi, 25−27-fevral kunlari 0…+5 darajagacha asta-sekin pasayadi. 26−27-fevral kunlariga kelib, kechalari harorat 0…-5 darajagacha pasayadi.

Ish haftasi davomida respublika shimolida harorat asosan kechalari −4…−9 daraja, kunduz kunlari −3…+2 daraja bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi.

Toshkent shahrida dushanba kunining ikkinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 25−28-fevral kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanadi) bo‘ladi.

Havo harorati dushanba kunduzi +13…+15 daraja, seshanba kuni +11…+13 daraja bo‘ladi. 26−28-fevralda +2…+5 darajagacha pasayadi. 27−28-fevralga kelib, harorat kechalari 0…-3 darajagacha asta-sekin pasayadi.