Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni O‘mon sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiyni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Suhbat avvalida vazir davlat rahbariga O‘mon sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomi va maktubini yetkazdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalardagi sheriklik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, parlamentlararo aloqalarni, madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Idoralararo va ishbilarmonlik aloqalari faollashgani qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi biznes tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi portfelini yangi kooperatsiya loyihalari hisobiga kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
2025-yil aprel oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumi o‘tkaziladi.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan 2025-yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz davlatlari” muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-iyun kuni O‘mon O‘zbekiston fuqarolari uchun 14 kunga vizasiz rejim joriy qilgandi.