Vazirlar Mahkamasida 11-fevral kuni “Bojxona ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Hujjat bilan Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, atamalar to‘liq yangilanmoqda. Avvalgi tahrirda 26 ta atamaga ta’rif berilgan bo‘lsa, endilikda ular 15 taga qisqartirildi. Hujjatda quyidagi yangi atamalarga ta’riflar berilgan:
- moliya agenti — pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqiga (litsenziya) ega bo‘lgan banklar va boshqa kredit hamda tijorat tashkilotlari;
- faktoring — xo‘jalik yurituvchi subyektlarning qarzdorlik bo‘yicha majburiyatlarini sotib olish yoki qayta sotish.
Tashqi savdo shartnomasi bo‘yicha ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish dalolatnomalarining nusxasi TSOYAEATga biriktirilganda, ishlar bajarilgan va xizmatlar ko‘rsatilgan deb hisoblanadi.
Moliya agentlari rezident bo‘lganda, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar TSOYAEATga eksport kontrakti bo‘yicha valyuta mablag‘larini oluvchi sifatida kiritiladi hamda aktivlarni repatriatsiya qilish to‘g‘risidagi talabning bajarilishini ta’minlash majburiyati mazkur moliya agentlariga o‘tadi.
Moliya agentlari norezident bo‘lganda, aktivlarni repatriatsiya qilish to‘g‘risidagi talabning bajarilishini ta’minlash majburiyati eksport qiluvchida qoladi. Bunda eksport kontraktlari bo‘yicha debitor qarzdorlikni sotib olish shartnomasi asosida norezident moliya agentidan mablag‘ kelib tushganda, aktivlarni repatriatsiya qilish to‘g‘risidagi talab bajarilgan hisoblanadi.
Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun moliya agentlari tomonidan ushlab qolinadigan pul talabnomasi summasining 10 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdordagi mukofot puli (diskont) debitorlik qarzi sifatida hisobga olinmaydi.
Bunday hollarda tegishli eksport kontraktlaridan tushadigan valyuta miqdori moliya agentlarining mukofot puli (diskont) miqdorida kamaytiriladi va yetkazib beruvchilar balansining xarajatlar qismida hisobga olinadi. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2025-yil 19-maydan yildan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2024-yil 14-oktabrdagi farmoni bilan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha valyuta nazorati siyosatiga o‘zgartirishlar kiritilgandi. Muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lgan tadbirkorlarga berilgan qator yengilliklar bekor qilingan, QQS va bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash muddatlari ham qisqartirilgan.
Farmon bilan muddati o‘tgan debitorlik qarzlari mavjud bo‘lganda tovarlarni kafolatli to‘lovsiz olib chiqishga ruxsat beruvchi qoida ham bekor qilingan. Mazkur qoida 2020-yil mart oyida koronavirus pandemiyasi fonida joriy qilingandi.