Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 25−26-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar berdi mezbon davlat rahbari matbuot xizmati.

Muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yengil va charm sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi qo‘shma rejalar diqqat markazida bo‘ladi.

Madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit yakunida qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yetakchilar O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.