O‘zbekistonda 2024-yil davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 400 dan ortiq holatda raqobat qonunchiligi buzilgani aniqlanib, xo‘jalik subyektlariga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, olib borilgan ishlar va qo‘mita tomonidan berilgan ko‘rsatmalar natijasida 200 mingdan ortiq iste’molchilarga 50 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.

Jumladan, “O‘zsuvta’minot” korxonasi tomonidan hukumat tomonidan tasdiqlangan nizomda nazarda tutilgan narx shakllantirish talablari buzilgani aniqlandi. Buning natijasida korxona tomonidan 7 mlrd so‘mga yaqin ortiqcha daromad olingan, shu bois kompaniyaga tegishli ko‘rsatma berilgan va ijrosi ta’minlangan.

Bundan tashqari, “Hududiy elektr tarmoqlari” va uning hududiy filiallari tomonidan Vazirlar Mahkamasi nizomi talablari buzilishi ortidan 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ortiqcha olingani aniqlangan. Ushbu pullar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinib, ijrosi ta’minlangan.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan bu boradagi tegishli nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda, deyiladi idora rasmiy axborotida.