BMT Bosh assambleyasi 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha ikkita rezolyutsiya qabul qildi.

Bosh assambleya dastlab Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Ukraina tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi. “Ukrainada keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikni ilgari surish” deb nomlangan hujjat keskinlikni yumshatish, jangovar harakatlarni tezda to‘xtatish va urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiradi.

Uni 93 davlat yoqlab ovoz berdi, 18 davlat qarshi chiqdi, 65 davlat betaraf qoldi (jumladan, O‘zbekiston). Rezolyutsiyaga qarshi ovoz berganlar orasida AQSh, Rossiya va Vengriya bor. Shu bilan birga, Xitoy ovoz berishda betaraf qoldi.

Ukraina hujjat loyihasida avvalgi rezolyutsiyalarga ishora qilinib, Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan to‘liq olib chiqib ketishi takrorlangan. Hujjat mualliflari BMT nizomi tamoyillariga asoslangan tinchlikka erishishga chaqiradi. O‘nlab mamlakatlar loyihaning hammualliflari bo‘ldi.

Shundan keyin Bosh assambleya Qo‘shma Shtatlar tomonidan tayyorlangan “Tinchlik sari yo‘l” rezolyutsiyasi uchun ovoz berdi. AQSh o‘z rezolyutsiyaga Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif qilingan tuzatishlarni kiritdi, xususan, “Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi mojaro” so‘zlari Rossiyaning “to‘liq miqyosli bosqini” so‘zlari bilan almashtirildi.

Qabul qilingan tuzatishlardan birida rezolyutsiyaga “Ukrainaning suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligini uning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida, uning hududiy suvlarigacha bo‘lgan hududlarda” tasdiqlash so‘zlarini qo‘shish taklif qilindi.

Yevropa Ittifoqining yana bir ma’qullangan tuzatishiga ko‘ra, “Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida mustahkam tinchlik” so‘zlari “Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida BMT nizomi va davlatlarning suveren tengligi va hududiy yaxlitligi tamoyillariga muvofiq adolatli, mustahkam va keng qamrovli tinchlik” bilan almashtirildi.

Rezolyutsiya loyihasi uchun 93 davlat ovoz berdi, 8 davlat, jumladan, Rossiya qarshi chiqdi, 73 davlat ovoz berishda betaraf qoldi (jumladan, O‘zbekiston), ular orasida AQSh ham bor.

бмт бош assambleyasi, rezolyutsiya, украина

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya “ko‘z o‘ngimizda 30 yil oldin paydo bo‘lishi kerak bo‘lgan ko‘p qutbli dunyo shakllanayotganini” aytdi. U “Zelenskiy rejimi ahvolining umidsizligi”ni qayd etib, “Prezident Donald Tramp boshchiligidagi respublika ma’muriyati nihoyat “muddatidan o‘tgan” Ukraina prezidentining haqiqiy yuzini ko‘rganini” ta’kidladi.

Rossiyalik diplomat rezolyutsiyaning Amerika variantiga ovoz berishga chaqirib, uni “to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam”, shuningdek, Ukraina inqirozining “ildiz sabablari”ni bartaraf etish bo‘yicha Rossiya tomonidan taklif qilingan tuzatish uchun ovoz berishga chaqirdi. Rossiyaning tuzatishi Bosh assambleya tomonidan qabul qilinmadi.