Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni “yo‘l bezoriligi” uchun javobgarlik belgilovchi qonunni imzoladi. Hujjat 21-fevraldan kuchga kirdi.
Bu haydovchilar tomonidan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish va shunga o‘xshash boshqa qoidabuzarliklarga taalluqli, deya xabar bergandi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 128−10-modda (Yo‘l bezoriligi) bilan to‘ldirildi. Bu atama quyidagilarga ishora qiladi:
“transport vositalari haydovchilarining boshqa transport vositalarining harakatiga qasddan to‘sqinlik qilishi, harakatlanish burchagini va (yoki) tezligini saqlagan holda transport vositasini sababsiz sirpantirishi (drift), o‘z yo‘nalishida harakatlanish bo‘lagini sababsiz keskin ravishda uch va undan ortiq marta uzluksiz o‘zgartirishi (bundan maxsus ajratilgan joylarda sodir etish mustasno) yoki yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi yoxud transport vositasida yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ifodalangan boshqa xatti-harakatlarni namoyishkorona sodir etish”.
Bunda bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (9 mln 375 ming so‘m) miqdorida jarima solish va (yoki) 1 yildan 2 yilgacha muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jarima nazarda tutiladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravari (18 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashgan transport vositalari haydovchilarining jarima miqdori BHMning 3 baravaridan 5 baravariga (1 mln 875 ming so‘m) oshirildi.
2019-yilda Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l bezoriligi to‘g‘risidagi moddani faqat jarima sifatida kiritishni taklif qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, ayni shu qonun doirasida haydovchilarga yo‘l harakati qoidalarini buzganliklari uchun jarima ballarini hisoblash tizimini yo‘lga qo‘yish, takroran mast holda va guvohnomadan mahrum qilingandan keyin transport vositasini boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish ham nazarda tutilgan. Shuningdek, huquq-tartibot xodimlarining xizmat vazifasi paytida olingan foto-videolarini ularni “obro‘sizlantiradigan” tarzda buzib tarqatishga javobgarlik belgilanmoqda.