Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganining uchinchi yili to‘larkan, Yevropa Ittifoqi keng ko‘lamli iqtisodiy va individual cheklov choralarining 16-paketini qabul qildi.
“Paket Rossiya iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga tegishli bo‘lib, rejimning Ukrainaga qarshi noqonuniy va asossiz bosqinchilik urushini olib borish qobiliyatini yanada zaiflashtiradi”, — deyiladi xabarda. Bugungi paket quyidagi qarorlarni o‘z ichiga oladi:
Individual ro‘yxatlar
Kengash Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun mas’ul bo‘lgan 48 nafar shaxs va 35 subyektdan iborat 83 ta ro‘yxatning muhim to‘plamini kelishib oldi.
Bundan tashqari, Kengash Yevropa Ittifoqiga Putinning soyadagi floti kemalariga egalik qiluvchi yoki ulardan foydalanuvchi shaxslar va tuzilmalarga; shuningdek, Rossiyaning harbiy va sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlovchi yoki undan foyda oluvchilarga nisbatan cheklov choralarini joriy etish imkonini beradigan ikkita yangi mezonni belgiladi.
Soyadagi flot
Portga kirishni taqiqlash va dengiz transporti bilan bog‘liq keng ko‘lamli xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlash ro‘yxatiga qo‘shimcha kemalar kiritildi. Bu chora neft narxini cheklash mexanizmini chetlab o‘tayotgan Putinning soyadagi floti tarkibiga kiruvchi, Rossiyaning energetika sektorini qo‘llab-quvvatlovchi yoki Rossiya uchun harbiy texnikani tashish yoki Ukraina g‘allasini o‘g‘irlash uchun mas’ul bo‘lgan, Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan tankerlarga qaratilgan. Bugungi paketda uchinchi davlatlardan kelgan 74 ta tanker nishonga olinib, jami belgilangan kemalar soni 153 taga yetkazildi.
Moliya va bank
Yevropa Ittifoqi birinchi marta Rossiya Markaziy bankining “Moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi” (SPFS)dan foydalanadigan Rossiyadan tashqarida tashkil etilgan kredit yoki moliya institutlariga tranzaksiyalarni taqiqlamoqda. SPFS — Rossiya Markaziy banki tomonidan cheklov choralari ta’sirini neytrallashtirish uchun ishlab chiqilgan maxsus moliyaviy xabar almashish xizmati, SWIFT tizimi analogi.
Bundan tashqari, Kengash Rossiya moliya-bank tizimlari uchun muhim hisoblangan 13 ta mintaqaviy bankkga maxsus moliyaviy xabar almashish xizmatlarini ko‘rsatishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, ular SWIFT to‘lov tizimidan uzildi.
Savdo-sotiq
Kengash, shuningdek, Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushida Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasini bevosita qo‘llab-quvvatlayotganlar ro‘yxatiga 53 ta yangi tuzilmani qo‘shdi. Ular ikki maqsadda foydalaniladigan tovarlar va texnologiyalar, shuningdek, Rossiyaning mudofaa va xavfsizlik sektorini texnologik jihatdan yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan tovarlar va texnologiyalarga nisbatan qat’iyroq eksport cheklovlariga duchor bo‘ladi.
Ushbu tuzilmalarning uchdan bir qismi Rossiyaga tegishli, qolganlari esa uchinchi mamlakatlarda (Xitoy, jumladan, Gonkong, Hindiston, Qozog‘iston, Singapur, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston) joylashgan bo‘lib, savdo cheklovlarini chetlab o‘tishda yoki Rossiya harbiy operatsiyalari uchun ishlatiladigan uchuvchisiz uchish apparatlari hamda raketalar uchun zarur bo‘lgan narsalarni sotib olishda ishtirok etgan, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning sanoat salohiyatini oshirishga hissa qo‘shadigan tovarlar (kimyoviy moddalar, ba’zi plastmassalar va kauchuk) eksportiga va ularning Rossiya orqali tranzitiga qo‘shimcha cheklovlar, shuningdek, Rossiya uchun sezilarli daromad keltiradigan birlamchi alyuminiy importiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etdi.
Radioeshittirishni taqiqlash
Kengash bugun Rossiya rahbariyatining doimiy nazorati ostidagi sakkizta Rossiya ommaviy axborot vositasining Yevropa Ittifoqi translyatsiya litsenziyalarini to‘xtatish va ularning kontentini efirga uzatishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bular: EADaily / Eurasia Daily, Fondsk, Lenta, NewsFront, RuBaltic, SouthFront, Strategik madaniyat jamg‘armasi va Krasnaya Zvezda / Tvzvezda. Ushbu ommaviy axborot vositalari Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini ilgari surish va qo‘llab-quvvatlashda, qo‘shni davlatlar, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarni beqarorlashtirishda muhim rol o‘ynadi, deya ta’kidlanadi hujjatda.
Transport vositalari
Kengash Rossiya hududida ichki reyslarni amalga oshiruvchi yoki havo kemalari yoki boshqa aviatsiya tovarlari va texnologiyalarini Rossiya aviatashuvchilari va ularning nazorat ostidagi subyektlariga eksport qiluvchi ro‘yxatdagi aviatashuvchilarga YeI parvozlarini taqiqlashni kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiya jismoniy yoki yuridik shaxsiga 25 foiz va undan ortiq miqdorda tegishli bo‘lgan Yevropa Ittifoqi operatorlari tomonidan Yevropa Ittifoqi hududida yuklarni avtomobil transportida, shu jumladan, tranzit orqali tashishga amaldagi taqiqni kuchaytirmoqda. Yangi qoidaga ko‘ra, Rossiya jismoniy yoki yuridik shaxsiga tegishli bo‘lgan foiz ulushini 25 foizdan oshirishga olib keladigan yo‘l-transport korxonalari kapitali tarkibidagi har qanday o‘zgarishlar taqiqlanadi.
- Sanksiyalarning 15-paketi 2024-yil dekabr oyida tasdiqlangandi. O‘shanda 54 nafar jismoniy shaxs va 30 ta, jumladan, Xitoy, Hindiston, BAA va boshqa mamlakatlar tashkilotlari cheklovlarga uchragan. Choralar Rossiyaning “soyadagi floti”ga ham qaratilgandi.