Buyuk Britaniya dushanba kuni Ukrainadagi urushning dastlabki kunlaridan beri Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar paketini e’lon qildi, bu haqda mamlakat hukumati saytida ma’lum qilindi. Sanksiyalar, jumladan, Rossiya harbiylari tomonidan ishlatiladigan butlovchi qismlarni yetkazib beruvchi butun dunyo bo‘ylab kompaniyalarga qaratilgan.
Paketda, shuningdek, Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga joylashtirilishi munosabati bilan KXDR mudofaa vaziri No Kvang Chol hamda boshqa generallar va yuqori martabali amaldorlari nomi bor. Ular KXDRning 11 mingdan ortiq qo‘shinini Rossiyaga joylashtirishda ishtirok etgan. Putin KXDR kuchlaridan zambarak yemi (old qatorlarda) sifatida foydalanmoqda; KXDRda allaqachon 4 mingdan ortiq qurbon bor, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Qirg‘izistonda joylashgan “Keremet Bank” (bu bankni AQSh ham sanksiyalagan) sanksiyalar ostida qoldi. Bu Amerika sanksiyalariga uchragan Markaziy Osiyodagi birinchi bank bo‘lgandi. Biz birinchi marta Rossiyaning urush mashinasini qo‘llab-quvvatlovchi xorijiy moliya institutlarini nishonga olish uchun yangi vakolatlardan ham foydalanmoqdamiz. Bu Rossiyaning urush harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya tizimidan foydalanishiga to‘sqinlik qiladi, deyiladi hujjatda.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi dastgohlar, elektronika va ikki maqsadli tovarlar, jumladan, qurol tizimlarida ishlatiladigan mikroprotsessorlar ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilariga nisbatan sanksiyalar qo‘llanayotganini aytdi.
Ular Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Tailand, Hindiston va Xitoy kabi bir qator uchinchi mamlakatlarda joylashgan. Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan badavlat rossiyaliklar orasida milliarder tadbirkor Roman Trotsenko ham bor.
Sanksiya nishonlari orasida, jumladan, Grant-Trade MCHJ, uning egasi Marat Mustafayev va uning singlisi Dinara Mustafayeva bor, ular kompaniyadan urushni qo‘llab-quvvatlash uchun ilg‘or Yevropa texnologiyalarini Rossiyaga kiritishda foydalangan.
Hukumat, shuningdek, Rossiyaga neftni tashish orqali sanksiyalardan qochishga yordam berish uchun foydalanilgani aytilgan yana 40 ta kemani ham sanksiyaladi. Umuman olganda, sanksiyalar ro‘yxatiga 67 ta yuridik va jismoniy shaxs, shuningdek, 40 ta kema kiritilgan.
“Har bir harbiy ta’minot liniyasi uzildi, har bir rubl bloklandi va Putinning tajovuzkorligini qo‘llab-quvvatlovchi har bir shaxs fosh etildi — bu adolatli va mustahkam tinchlik sari qadamdir”, — dedi Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi.
Sanksiyalanganlarning to‘liq ro‘yxati mana bu yerda.