“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish uchun yer uchastkasini ijaraga olgan yuridik shaxslar 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Bu 21-fevral kuni imzolangan “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida [PF-26-son] belgilangan.

Farmonga muvofiq, 2025-yil 1-maydan “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib o‘rnatiladi:

  • yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat QQSni to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi;
  • yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi;
  • auksion savdolarida yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi;

2025-yil 1-martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan ko‘pi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

Farmonga ko‘ra, 2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • hududlarda jami 8,1 million m2dan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish;
  • ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat budjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirish;
  • uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish;
  • “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun Davlat budjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3,0 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish.

2025-yilda “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

2025-yil 1-martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi.