Afg‘oniston muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi mulla Abdulg‘ani Baradar 22−23-fevral kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi.

Afg‘oniston delegatsiyasi tarkibida sanoat va savdo, konchilik va neft, transport va fuqaro aviatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirliklari, shuningdek, Markaziy bank va Moliya vazirligi vakillari bor edi.

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

Baradarni Toshkent aeroportida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va Afg‘onistonning Toshkentdagi diplomatik missiyasi rahbari Abdulg‘affor Teravi kutib oldi.

22-fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Foto: gov.uz.Foto: gov.uz.

Nimalar muhokama qilindi?

TOLO News xabariga ko‘ra, tashrifning birinchi kunida Barodar O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan uchrashib, savdo va tranzit aloqalarini mustahkamlash, qo‘shma savdo zonalarini tashkil etish masalalarini muhokama qilgan.

Uchrashuv chog‘ida u Transafg‘on temi yo‘l loyihasini va O‘zbekistondan Afg‘onistonga 500 kVli “Surxon — Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini tezroq ishga tushirish zarurligini ta’kidladi.

O‘zA xabariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish, uglevodorod va mineral resurslar bo‘yicha kelishuv, O‘zbekiston biznesining Afg‘onistonga sarmoya kiritish imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash masalalarini ham muhokama qilgan.

Jamshid Xodjayev o‘zbekistonlik tadbirkorlar Afg‘onistonning muhim tarmoqlariga, jumladan, neft va gaz konlarini qidirish va qazib olish, sanoatni rivojlantirish, Samangan viloyatida sement zavodi qurilishiga sarmoya kiritishga tayyorligini tasdiqladi.

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

Qayd etilishicha, hozirda “Toti Maydan” gaz konini qidirish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishildi va yaqin orada burg‘ilash ishlari boshlanadi. Avvalroq Eriell KAM kompaniyasi Afg‘onistondagi gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida xabar bergandik. O‘zbekiston loyihaga 25 yil davomida yiliga 100 million dollar sarmoya kiritishi, shuningdek, qazib olingan gazni qayta ishlashi kutilmoqda.

Barodar tashrifni samarali deb atadi va O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokaralar chog‘ida bir qator muhim masalalar, jumladan, savdoni kengaytirish, elektr energiyasi importi, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, temiryo‘l qurilishi bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi qiymatini 252 mln dollardan 222 mln dollargacha kamaytirishga muvaffaq bo‘lingan.

“Savdo, energetika, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, temiryo‘l transporti sohalarida tegishli vazirlar bilan bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu yo‘nalishlarda yanada oldinga siljish mumkin”, — deya Baradarning so‘zlarini keltiradi TOLO News.

Shuningdek, Hayraton-Hirot temiryo‘li loyihasini dastlabki o‘rganish uchun O‘zbekistondan Afg‘onistonga texnik delegatsiya tashrifi kutilayotgani ma’lum qilindi.

Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Azizi Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksporti hajmi kamayganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif davomida tomonlar “savdo balansi va imtiyozli savdo kelishuvlari” to‘g‘risida kelishib olgan.

Shuningdek, bank hamkorligini rivojlantirish, Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksportiga soliqlarni kamaytirish va qo‘shma savdo markazlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

“Ushbu imtiyozli kelishuv o‘nta afg‘on tovariga, shuningdek, Afg‘onistonga zarur bo‘lgan o‘nta o‘zbek tovariga bojxona to‘lovlarini nolga tushirish imkonini beradi”, — dedi Azizi.