Ushbu sharh “O‘zgidromet”ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.
Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.
O‘zbekistonda joriy hafta havo harorati asta-sekin pasayib borish tamoyiliga ega bo‘ladi. Garchi dushanba kuni Farg‘ona vodiysida issiq harorat kuzatilsa-da, haftaning keyingi kunlarida u yerda ham havo harorati sezilarli pasayadi. Umuman, hafta davomida O‘zbekiston ob-havosini avvaliga g‘arbdan asta-sekin harakatlanuvchi nam havo oqimi, keyin esa sovuq antitsiklonal jarayon belgilaydi.
Hafta boshlarida shimolda harorat minimumi -10 darajagacha, Ustyurtda esa -15 darajagacha pasayadi. Ammo bunday sovuqlik hafta boshida faqat shimoliy hududlargagina xos. Hafta o‘rtalaridan va dam olish kunlarigacha antitsiklon jarayon O‘zbekistonni qamrab oladi. Bu jarayon boshqa joylarda haroratni shimol hududlaridagi kabi keskin sovitmasa-da, fevralning so‘nggi o‘n kunligida nisbatan issiq haroratni boshdan kechirgan tabiat uchun sezilarli o‘zgarishlarni taqdim eta oladi.
Asosiy yog‘ingarchiliklar hafta boshi va o‘rtalarida kuzatilib, hafta o‘rtalaridan antitsiklonning respublikaga chuqur ta’siri sabab, joylarda deyarli yog‘ingarchiliksiz ob-havo muhiti hukmron bo‘ladi. Dushanba kuni Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida, seshanba va chorshanba kunlari esa boshqa viloyatlarning ba’zi hududlarida juda ko‘p miqdorda, kuchli yomg‘ir-qor yog‘ishi, tog‘larda qorli bo‘ron hodisalari bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Manba: meteoinfo.ru
Ya’ni, joriy haftada ayrim hududlar aholisi 2025-fevralida hali kuzatilmagan haqiqiy qish ob-havosiga, qor manzaralariga guvohi bo‘ladi. Shimoliy mintaqalarni hisobga olmaganda, hafta boshida hududlarda shu davr uchun xos muhit, hafta o‘rtalaridan esa butun O‘zbekiston bo‘ylab qish haroratiga xos muhit kuzatiladi.
Hafta o‘rtalaridan energetika tarmoqlarida yuklama yana ortadi — gaz quvurlarida bosimning keskin pasayishi, tabiiy gaz taqchilligi kuzatila boshlanadi. Qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida hafta oxirlarida janubiy va markaziy viloyatlarda fevraldagi bahoriy iliqlilik sabab uyg‘onish davriga o‘tgan dov-daraxt, o‘simliklarda tuproq va havoda sovuq urish hodisalari (qora sovuq) kuzatilishi mumkin.
Seshanba-payshanba kunlari ayrim viloyatlarda qor hodisalaridan so‘ng yaxmalak hodisalari kuzatilib, transport tarmog‘iga yuklama ulashadi. Bundan tashqari, 25−26-fevral kunlari front oldi shamollari bilan nam havo oqimlarining respublika sharqiga ta’siri, “Qamchiq” va “Taxtaqoracha” dovonlarida noqulay ob-havo muhitini (kuchli shamol, qor bo‘ronlari, haroratning keskin sovishi, yo‘llarda qor uyumlari to‘planishi va tuman hodisalari) taqdim etishi mumkin.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 24-fevral kuni vodiy viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda yog‘ingarchilik kutiladi. Shimolda biroz qor, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida esa biroz yomg‘ir kuzatilsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi prognoz qilinyapti.
Havo harorati bo‘yicha respublika turli harorat to‘lqinlari ostida bo‘ladi. Masalan, 24-fevral kuni shimolda harorat kunduzi ham nol darajadan ancha past bo‘lsa, vodiyda +20 darajagacha issiq, respublikaning boshqa hududlarida +10…+15 daraja iliq kutiladi. Tunda shimolda harorat -10 darajagacha, Ustyurtda -15 darajagacha sovuq bo‘lsa, Buxoro va Navoiy viloyatlarida +0…+5 daraja, janubiy viloyatlarda +10…+15 daraja, vodiy viloyatlarida +2…+7 daraja, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida +7…+12 darajagacha iliq bo‘ladi. Janubiy viloyatlarda shamol tezligi soniyasiga 25 metrgacha kuchayishi mumkin.
Sinoptiklar 25−27-fevral kunlari O‘zbekistonning katta qismida haroratning asta pasayib borishini ma’lum qilib, shimolda bu aksincha haroratning asta-sekin ko‘tarilib borishiga olib kelishini ma’lum qilgan. Haftaning bu kunlari barcha ob-havo jarayonlari g‘arbdan sharqqa harakatlanish tamoyilida kuzatilib, harorat ham kundan kunga respublika g‘arbidan sharqiga tomon pasayib boradi.
Harorat shimolda tunlari -10 darajagacha sovuqni, 25−26-fevral kunduzlari nol daraja atrofida, 27-fevral kuni esa +5 daraja iliqni tashkil etadi. Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham shimoldagiga o‘xshash vaziyat kuzatiladi. Respublikaning boshqa viloyatlarida seshanba kuni iliqroq bo‘ladi, chorshanba-payshanba kunlari esa harorat sezilarli pasayadi. Aynan shu kunlarda yog‘inlar vodiydan tashqari respublika bo‘ylab qor ko‘rinishida yog‘adi. 26−27-fevral kunlari tunda harorat ko‘plab hududlarda -5 daraja sovuqqacha pasayadi.
Bu kunlarda respublikaning barcha hududlarida bir kun bo‘lsa ham yog‘ingarchilik kutiladi. Vodiyda 26-fevral kuni, Buxoro, Navoiy, janubiy va shimoliy viloyatlarida deyarli har kuni yog‘ingarchilik bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Toshkent, Sirdaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 25−26-fevral kunlari yog‘ingarchilik kutiladi. 25−26-fevral kunlari Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va tog‘larda, 25-fevral esa Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand vilyaotlarining ba’zi hududlarida kuchli yog‘ingarchilik kutiladi.
25−26-fevral kunlari ko‘plab viloyatlarda kuchli shamollar esishi, shamol kuchayganda soniyasiga 25 metrgacha yetishi prognoz qilinmoqda. Ushbu kunlari hududlarda tuman hodisalari bo‘lishi ehtimoli ham saqlanadi.
Juma, shanba va yakshanba kunlari hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lmasligi kutilmoqda. Harorat hafta o‘rtasidagiga nisbatan biroz ko‘tarilib borsa-da, aholi “tunlari sovuq, kunduzi biroz iliqroq” ob-havo muhitiga guvohi bo‘ladi.
Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet”ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.
“O‘zgidromet”ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta (24−28-fevral va 1−2-mart kunlari) davomida Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo viloyatining ko‘plab hududlarida umumiy harorat foni shu davr me’yoriy qiymatlardan 5−6 daraja sovuq bo‘lishi, respublikaning boshqa joylarida me’yordan 1−4 daraja past, ya’ni “sovuq” bo‘lishi ko‘rsatilgan. Yog‘ingarchilik bo‘yicha vodiy viloyatlaridan tashqari respublika bo‘ylab namgarchilikka boy o‘tishi, mamlakatning asosiy aholi istiqomat qiluvchi mintaqalarida fevralning so‘nggi dekadalaridagi o‘rtacha qiymatdan ancha ko‘p yog‘in tushishi keltirilgan.
Shunday qilib kelayotgan hafta sovuq o‘tishi hamda vodiy viloyatlaridan tashqari boshqa hududlarda yaxshigina yog‘ingarchiliklar bo‘lishi prognoz qilingan.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Joriy haftaning chorshanba va dam olish kunlari respublika aholisi antitsiklon jarayonlari ta’sirida bo‘ladi. Har ikki muddatda ham markazida atmosfera bosimi 1030 gPa bo‘lgan antitsiklon jarayoni mintaqaga ta’sir etadi. Ammo, bu jarayon aynan antitsiklon ta’sirlariga moyil kishilar salomatligiga u darajada katta xavf tug‘dirmaydi.
Seshanba va chorshanba kunlari navbatdagi sovuq va nam havo oqimlarining mintaqaga shamollar bilan kirib kelishida “barik tubsizlik” hodisasining past darajalari kuzatiladi. Bu ob-havo o‘zgarishlariga moyil, ayniqsa, qon bosimi kasalligi bilan og‘rigan kishilar salomatligida o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq “barik tubsizlik” holatiga ta’sirchan kishilar o‘z salomatligida o‘zgarishlar sezsalar, avvalgi materiallardagi tavsiyalarga amal qiilishlari maqsadga muvofiqdir.
Bioiqlimiy sharoitlar
Dushanbadagi ob-havo shimoliy, shuningdek, Navoiy va Buxoro viloyatlaridan tashqari boshqa joylarga go‘yoki bahoriy yomg‘irli ob-havo muhitini taqdim etadi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa dushanba kuni kunduz odamlar yengil kiyinishi ham mumkin. Ammo haftaning keyingi kunlarida vaziyat o‘zgaradi.
Seshanbadan boshlab, shamollar va havodagi namlikning biroz yuqori bo‘lishi real haroratni kishilar o‘sha haroratdan pastroq his qilishlariga olib keladi. Hafta o‘rtalariga kelib aholi yana qalin kiyimlarini shkaflardan oladi.
Umuman olganda, haftaning dastlabki to‘rt kunida O‘zbekistonning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmalari e’lon qilingan. Ayniqsa, dushanba va seshanba kunlari ko‘plab hududlarda kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lishi inobatga olinsa, tashqi muhitda soyabon olib yurish zarar qilmaydi.
Kosmik ta’sirlar
Ko‘plab prognoz modellari 23-fevral kuni Quyosh fotosferasida bir nechta M sinfli quyosh chaqnashlar kuzatilganini ko‘rsatdi. Demak, chorshanba yoki payshanba kunlari sayyorada ehtimoliy 3−4 ballik magnit bo‘ronlari qo‘zg‘alishi mumkin.
O‘zbekistonliklar ham haftaning chorshanba va payshanba kunlari “sariq” xavfga ega magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari ta’siriga tushishi mumkin. Haftaning boshqa ish kunlarida “yashil” — xavfsiz darajadagi magnit bo‘ronlari kuzatilishi prognoz qilinmoqda.
Manba: Xras.ru
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham chorshanba va payshanba kunlari ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar salomatlikka biroz xavf tug‘diruvchi “sariq” darajadagi, ya’ni kuchsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan. Boshqa kunlari esa kishilar aynan mana shu kosmik ta’sirlardan aziyat chekmasliklari keltirilgan.
Manba: Ionos.kz
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Hafta o‘rtasi va dam olish kunlari O‘zbekistonda antitsiklon jarayonlar sabab havoda xiralik biroz ortishi mumkin. Boshqa kunlari hududlarda yog‘ingarchilik omili va kuchli shamollar tabiiy ob-havo muhitida havoning ifloslanishi ko‘p muddat, davomiy kuzatilishiga olib kelmaydi.
Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 24-fevraldan 2-martgacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar dushanba va juma bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilmoqda.