Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida ma’muriy jarimadan jahli chiqqan haydovchi YPX maxsus avtomobilining oynalarini urib sindirdi. Bu haqda Renessans telekanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, hodisa shaharning Bo‘ston mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Fuqaro o‘ziing mototransport vositasini to‘xtab turish taqiqlangan joyda qoldirgan. Lacetti avtomashinasi bilan xizmat olib borayotgan YPX xodimlari esa unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

йпх ходими, қашқадарё

Biroq haydovchi mototransport vositasi yukxonasida bo‘lgan belkurakni olib, xizmat avtomobilining old va orqa oynalarini urib sindirgan.

“To‘xtash taqiqlangan joyda mototransport ulovimni qo‘ygandim. Shunda YPX xodimlari kelib, huquqbuzarligim uchun menga ma’muriy bayonnoma tuzib berishdi. Men o‘sha ma’muriy bayonnomaga biroz e’tiroz qilib, o‘zimni boshqara olmay, asabiylashib, transportimdagi mehnat qurolim bilan xodimning avtomashinasiga bexosdan zarar yetkazib qo‘ydim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Bu ishni hech kimga maslahat bermayman. Bu holat qayta takrorlanmasligiga so‘z beraman”, — dedi haydovchi.

Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudida qonunbuzar haydovchiga 7 sutka qamoq jazosi tayinlangan.