Andijon viloyati Asaka tumanida 22-fevral kuni Damas yo‘l-transport hodisasi oqibatida zovurga tushib ketdi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shanba kuni soat 23:00 da tumanning Yangiobod mahallasi hududidan o‘tgan Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lining 168-kilometrida harakatlanayotgan Damas Nexia`ga borib urilgan.
Bunga haydovchining tezlik me’yori va oraliq masofani saqlamagani sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng Damas zovurga ag‘darilib ketgan. YTH oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q, mashinalar texnik shikastlangan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Asaka tumani IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda. Boshqarma haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni so‘ragan.