2024-yilda bolalar ombudsmani nomiga 1064 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Raxmonova Qonunchilik palatasidagi ma’ruzasida ma’lumot berdi.
Murojaatlar soni 2023-yilga nisbatan 2,4 baravarga oshgan.
“Bu o‘z navbatida jamiyatimizda bola huquqlari sohasida xabardorlik, shu bilan birgalikda, bola manfaatlarini himoya qilishga fuqarolarimizning ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi”, — deya izohladi buni Surayyo Raxmonova.
Murojaatlarning 43,4 foizi bolaning shaxsiy huquq va erkinliklari, 41 foizi uning ijtimoiy huquqlari, 4,3 foizi iqtisodiy va ekologik huquqlari, 11,3 foizi esa boshqa huquqlariga oid bo‘lgan. Hududlar kesimida murojaatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Qashqadaryo viloyatidan, eng kami esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatidan bo‘lgan.
“Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan aytish kerakki, bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan 13 ta ta’sir hujjatlari, ya’ni ogohlantirish, xulosa va sud hujjati ustidan protest kiritish to‘g‘risidagi iltimosnomalar kiritildi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 14 jinoyat ishi va 18 ma’muriy ish qo‘zg‘atildi”, — dedi bola huquqlari bo‘yicha vakil.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy jazo qo‘llaganligi hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 22 nafar xodimga nisbatan, bolaga qo‘pol muomalada bo‘lgani uchun esa huquqni muhofaza qiluvchi organning 3 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Bolalar ombudsmani monitoringlari
Monitoring o‘rganishlari bola o‘z ihtiyori bilan chiqib keta olmaydigan ta’lim, tarbiya, tibbiyot muassasalarida, shuningdek, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish marzkalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida olib borilgan.
2024-yil davomida bunday muassasalarga jami 31 marta monitoring tashrifi amalga oshirilgan. Bunday monitoringlar doirasida muassasa tarbiyalanuvchilari va muassasada saqlanayotgan bolalar bilan 450 dan ortiq uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazilgan.
Shuningdek, respublika hududlaridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari va tarbiya koloniyasida bolalar tomonidan tezkor shikoyat va xabarlar berishni ta’minlash uchun bolalar ombudsmani qutilari o‘rnatilgan. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati monirotingi natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi yuzasidan jami 23 taqdimnoma, ogohlantirish va xulosalar kiritilgan.