O‘zbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozorlarida joylashtirildi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati.

18 va 20-fevral kunlari kuni Londonda AQSh dollarida 7 yillik, yevroda 4 yillik va so‘mda 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilingan. O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 4,2 mlrd dollar miqdorida buyurtmalar kelib tushgan. Jumladan:

  • AQSh dollaridagi (7 yillik) obligatsiyalarga — 2 mlrd dollar;
  • yevrodagi (4 yillik) obligatsiyalarga — 1,6 mlrd yevro;
  • so‘mdagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 7,3 trln so‘m.

O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha quyidagi foiz stavkalari qayd etilgan:

  • 500 mln AQSh dollari miqdoridagi 7 yillik obligatsiyalar bo‘yicha — 6,95 foiz;
  • 500 mln yevro miqdoridagi 4 yillik obligatsiyalar bo‘yicha — 5,1 foiz;
  • 6 trln so‘m miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha — 15,5 foiz.

Vazirlik solishtirish uchun 2024-yilda joylashtirilgan obligatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni ham eslatib o‘tgan.

  • 2024-yil may oyida chiqarilgan dollardagi 7 yillik suveren xalqaro obligatsiyalar 7,125 foiz stavkasida;
  • yevrodagi 3 yillik obligatsiyalar — 5,375 foiz stavkasida
  • so‘mdagi 3 yillik obligatsiyalar — 16,625 foiz stavkasida joylashtirilgan edi.

Shuningdek, vazirlikning qayd etishicha, 2025-yilning yanvar-fevral oylarida ichki moliya bozorida joylashtirilgan 3 yil muddatlik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkasi 15,6−16,1 foizni tashkil etgan.

Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘lar 2025-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq tasdiqlangan давлат budjeti taqchilligini moliyalashtirish hamda ipoteka dasturini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga resurs ajratish uchun yo‘naltiriladi.

Jumladan, Yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan obligatsiyalar dasturi doirasida “Yashil” maqomi bilan chiqarilgan bo‘lib, “Yashil” obligatsiyalardan kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish hamda shu kabi boshqa loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Vazirlik “Yashil” obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan hisobot xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirilishini va e’lon qilib borilishini ta’kidlagan.

“2021−2024-yillar davomida umumiy qiymati 1,2 mlrd dollariga teng miqdordagi O‘zbekistonning suveren xalqaro obligatsiyalari “Barqaror rivojlanish maqsadlari” va “Yashil”maqomi bilan chiqarilgan bo‘lib, bu obligatsiyalardan tushgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan hisobotlar xalqaro standartlarga muvofiq e’lon qilib borilmoqda. Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga BMTning rivojlanish dasturi (UNDP) jalb qilingan hamda dastur bo‘yicha “Sustainalytics” tomonidan mustaqil xulosa taqdim etilgan”, — deyiladi xabarda.

AQSh dollari va so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘lar respublika aholisini uy-joy bilan ta’minlash dasturini moliyalashtirish hamda umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurish, ularni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yo‘naltirilishi ta’kidlangan.