2024-yilda bolalar ombudsmaniga yo‘llangan bolaga nisbatan zo‘ravonlikka oid murojaatlarning 28 foizi ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning tazyiqiga oid bo‘ldi. Bu haqda Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Raxmonova Qonunchilik palatasidagi ma’ruzasida ma’lumot berdi.
Yil davomida bolalar ombudsmani nomiga 2023-yilga nisbatan 2,4 baravar ko‘proq — 1064 ta murojaat kelib tushgan. Bolani zo‘ravonlikdan himoyalashga oid murojaatlar jami kelib tushgan murojaatlarning 21 foizini tashkil etgan.
“Afsuski, oxirgi paytlarda ota-onalar o‘z farzandiga tarbiya usuli sifatida jismoniy jazo yoki ruhiy tazyiq qo‘llashi oqibatida bolaning sog‘ligiga zarar yetkazilishi holatlari uchramoqda. Xususan, bolaga nisbatan zo‘ravonlikka oid murojaatlarning 28 foizi aynan ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning tazyiqiga oid bo‘lgan. Bu fakt bola himoyasida eng avvalo oila alohida e’tibor markazida bo‘lishi zarurligini anglatadi”, — dedi Surayyo Raxmonova.
Uning ta’kidlashicha, ota-ona yoki ularning o‘rnini o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z majburiyatlari, bolaning eng ustun manfaatlari to‘g‘risida yetarlicha tushunchaga ega emasligi oqibatida bolani tarbiyalashda jismoniy jazo qo‘llash holatlari ko‘payishi kuzatilmoqda.
“Albatta, bolalar ombudsmani faoliyati doirasida o‘rganilayotgan holatlar respublika bo‘yicha tugal manzarani bermasa-da, u vaziyat bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olish choralarini yanada takomillashtirish va manzilli tashkil etish zarurligini bildiradi. Shuningdek, tahlillaramiz shuni ko‘rsatadi-ki, hozirda zo‘ravonlik jinoyatlari qurboni bo‘lgan bolalar bilan maxsus ishlash, ularning tergov va sud bosqichlarida qo‘shimcha stress hamda ruhiy jarohat olishiga yo‘l qo‘ymaslik, jabrlanuvchi bolalarga ixtisoslashgan tarzda, tezkor psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutuvchi yagona mexanizm yo‘lga qo‘yilishi shart”, — dedi bolalar ombudsmani o‘z ma’ruzasida.